O‘zbekiston | 15:55 / 10.04.2020
26466
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyatidagi bemorlarning ham to‘rt nafari sog‘aydi

Namangan viloyatida koronavirus yuqtirgan to‘rt nafar fuqaro butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga olindi. O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni 42 kishiga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning yana to‘rt nafari sog‘aygani to‘g‘risida xabar berdi.

«Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Namangan viloyatida ham koronavirus infeksiyasiga qarshi izchil kurash olib borilyapti. Karantin tadbirlari qat'iy yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga chalingan bemorlar standartlar bo‘yicha davolanmoqda. Fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz ularni darddan xalos qilish uchun tun-u kun faoliyat ko‘rsatishmoqda.

Bugun kasbiga sadoqatli tibbiyot xodimlarining astoydil sa'y-harakatlari o‘zining dastlabki mevasini berdi. Viloyatdagi to‘rt nafar koronavirusni yuqtirgan fuqaro butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga olinish baxtiga muyassar bo‘ldi», deyiladi xabarda.

Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov va boshqa mas'ullar tomonidan viloyat reabilitatsiya markaziga kuzatib qo‘yilgan. Kasallikdan tuzalgan fuqarolar ma'lum muddat shu yerda karantinda bo‘ladi.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 42 nafari ushbu kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lishdi. 

  • Eslatib o‘tamiz, Namanganda 24 mart kuni koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holatlar aniqlangandi. Turkiya orqali Umra safariga borib kelgan ayol va uning turmush o‘rtog‘i Namanganga qaytgach, uyga mehmon chaqirib, ehson qiladi. Keyinchalik o‘sha oilaviy tadbir qatnashchilaridan 23 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga davolanish uchun yotqiziladi. Ulardan bir nafari — ayolning 72 yoshli onasi 28 mart kuni vafot etdi.
  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Namanganda 51 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani aytilgandi.

Mavzuga oid