Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sobyanin Moskvada ruxsatnoma bilan yurish rejimi joriy etilishini e'lon qildi
Moskva meri Sergey Sobyanin moskvaliklarga murojaat bilan chiqdi va koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yangi choralar ko‘rilishini talab qilayotganini bildirdi.
Shu paytga qadar Moskvada umumiy o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish rejimi amal qilayotgandi. Ruxsatnoma bilan yurish rejimi kelgusi haftadan joriy etiladi.
"Og‘ir bemorlar soni tez o‘isb bormoqda"
Sobyanin murojaatida koronavirusga qarshi kurashning dastlabki bosqichida hukumatning vazifasi "iqtisodiyotni saqlab qolish" bo‘lgani, shuning uchun qo‘shimcha cheklovlar kiritilmaganini aytdi.
"So‘nggi vaqtga qadar buni amalga oshira oldik", - dedi u.
Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, kasallik yuqtirish holatlari dastlab "o‘sgan, ammo jadal sur'atlarda emas". So‘nggi kunlarda esa vaziyat yomonlasha boshlagan.
"Zotiljam bilan kasallangan og‘ir bemorlar soni tezlik bilan o‘smoqda. Agar avval kasalxonaga kuniga 500ga yaqin kishi tushgan bo‘lsa, bugun 1300ga yetdi. Aksariyat bemorlar "koronavirus" tashxisi qo‘yilmasdan turib kasalxonaga tushyapti. Ammo shifokorlar buning katta ehtimol bilan koronavirus ekanligini ko‘rib turishibdi. Kasallikning bunday tarzda o‘sishi bizga hech qanday yaxshilik keltirmaydi", - dedi Sobyanin.
Moskva meri shu sababli shaharda ruxsatnoma bilan yurish rejimini joriy etishga qaror qilganini aytdi.
"Kelgusi haftadan ruxsatnoma bilan yurish rejimini bosqichma-bosqich joriy etamiz. Birinchi bosqichda ishga borish uchun, ikkinchi bosqichda boshqa maqsadlarda yurish uchun va uchinchi bosqichda, agar zarur bo‘lsa, rayon ichida yurish uchun kiritamiz", - dedi u.
Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, kasallik tarqalishi xavfi chekinishi bilan Moskva odatiy hayot tarziga qaytadi.
Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev ham oblastda ruxsatnoma bilan yurish rejimi joriy etilishini e'lon qildi.
Nimani kutishgandi?
Meriyaga yaqin manbalardan biri Bi-bi-si bilan suhbatda bu "moskvaliklar shaharda maqsadsiz yurmasliklari uchun" ko‘rilayotgan majburiy chora ekanligini aytdi.
"Ruxsatnomali tizim pandemiyaga duch kelgan ko‘plab mamlakatlarda amal qilmoqda, bu G‘arb tajribasi va bugungi kun voqeligi. Meriya ruxsatnomali tizimni birdaniga kiritmadi, ammo moskvaliklar ko‘chalarga chiqishdi, shaharda hatto tirbandliklar paydo bo‘ldi. Meriya odamlar dam olish kunlari yana parklarga borishidan va kasallik yuqtirganlar soni keskin oshishidan xavotirlanmoqda. Ruxsatnomali tizimning joriy etilishi odamlarni ko‘chaga maqsad bilan chiqish haqida o‘ylashga majbur qiladi", dedi u.
9 aprel kuni politsiya Sergey Sobyaninning farmoyishi shartlarini buzgan moskvaliklarga nisbatan yuzlab bayonnomalar tuzgani ma'lum bo‘ldi. "Yandeks" statistikasi Moskvada "o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish indeksi" sezilarli darajada pasayganini ko‘rsatdi.
29 mart kuni Moskva hukumati koronavirusga qarshi kurash doirasida shaharda majburiy o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish rejimi joriy etilishini e'lon qilgandi. Mer Sobyaninning farmoyishiga ko‘ra, uyni faqatgina tez tibbiy yordamga murojaat qilish, ishga borishi shart bo‘lganda va yaqin atrofdagi oziq-ovqat do‘koni yoki dorixonaga xarid uchungina tark etish mumkin. Shuningdek, chiqindi tashlagani chiqish hamda uyidan 100 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada kuchugi bilan sayr qilishga ruxsat etilgan.
So‘nggi sutkalarda Moskvada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 1 124 ta holat qayd etilgan, 12 kishi vafot etgan. Shu kungacha Moskvada jami 7 822 kishi koronavirus yuqtirgan, 50 kishi vafot etgan.
Mavzuga oid
13:08 / 13.05.2026
Zelenskiydan troll-farmon, «muzlagan» front: urushda nima gap?
18:34 / 07.05.2026
Bu yil Moskvadagi G‘alaba paradida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qatnashmaydi
20:39 / 27.04.2026
Moskvaga qish qaytdi – fotolar
12:07 / 23.04.2026