O‘zbekiston | 12:07 / 17.04.2020
3765
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘ston tumanida 5ta yirik loyiha amalga oshiriladi

Andijon viloyati Bo‘ston tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyati Bo‘ston tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Andijon viloyatining Bo‘ston tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:

2020-2022 yillarda Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;

2020-2022 yillarda Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

2020-2022 yillarda Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash parametrlari;

2020-2022 yillarda Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida yo‘l-kommunikatsiya tizimi va ijtimoiy sohani yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar;

Dasturni amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va tizimli nazorat qilinishini ta'minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Andijon viloyati hokimligi Bo‘ston tumanida uy-joyga muhtoj bo‘lgan oilalarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida “Bo‘ston paxta tozalash” AJning ustav fondiga kiritilmagan bo‘sh turgan “Qurtxona” binosini Bo‘ston tumani hokimligi balansiga o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda Bo‘ston tumanida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, chet el investitsiyalarni jalb etish hamda yangi ish o‘rinlarni yaratish maqsadida qo‘shimcha ravishda har birining qiymati 5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 5 ta yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, “Qishloq qurilish invest” MChJ IK bosqichma-bosqich Bo‘ston tumani markazini kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta'minlaydi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Bo‘ston tumani hokimligi bilan birgalikda har bir mahallada dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholi ro‘yxatini shakllantiradi.

Bunda, aholiga qulay joylashgan, lekin foydalanishdan chiqqan yerlarni har bir talabgor va ekin turi kesimida taqsimlab, ularni kooperatsiyalarga biriktirish nazarda tutiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid