O‘zbekiston | 09:18 / 02.05.2020
8018
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi tasdiqlanadi.

Foto: Dilshoda Raxmatova

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Akademiyaning bakalavriat va magistraturasiga qabul bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan belgilanadigan davlat grantlari hamda to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Akademiyaning umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari qo‘shimcha kvotalar hamda Akademiyaning bakalavriatiga o‘qishga kirishda imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga asosan belgilanadi.

Akademiyaning bakalavriat va magistraturasiga talabalikka qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bakalavriat va magistraturaga qabul qilishni tashkil etish tegishli o‘quv yili uchun tashkil etiladigan Akademiya qabul komissiyasiga yuklanadi. Qabul komissiyasining tarkibi Akademiya rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Akademiya rektori qabul komissiyasining raisi hisoblanadi. Qabul komissiyasining joriy ishlarini mas'ul kotib tashkil qiladi.

Qabul komissiyasi hujjatlarni qabul qilish tartibi va muddatlari, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining nomlari hamda Akademiya bakalavriati va magistraturasiga qabul kvotalari haqidagi ma'lumotni abituriyentlar hamda jamoatchilikka oldindan yetkazadi.

Akademiyaga qabul qilish tartibi, hujjatlarni qabul qilish muddatlari, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining nomlari, Akademiya bakalavriati va magistraturasiga qabul kvotalari haqidagi ma'lumot Akademiyaning rasmiy veb-sayti, shuningdek, axborot stendlarida joylashtiriladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilishda abituriyentlar quyidagi hujjatlarni qabul komissiyasiga taqdim etadilar:

rektor nomiga bakalavriat ta'lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan ariza;

umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

pasport nusxasi (16 yoshga to‘lmagan shaxslar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini taqdim etadi);

3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;

mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma (mavjud bo‘lsa).

Akademiya bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda o‘tkaziladi:

dastlabki imtihon (yozma);

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari orqali.

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga Davlat test markazining maxsus dasturi orqali Akademiyani hamda boshqa bir nechta oliy ta'lim muassasasini tanlashga va test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Akademiya magistraturasiga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 20 iyundagi 393-son muvofiq amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid