O‘zbekiston | 13:56 / 06.05.2020
35461
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo «yashil» hudud. Viloyat karantindan chiqmoqda

7 may kunidan Qarshi shahrida yo‘nalishsiz taksilar faoliyatiga ruxsat beriladi. Bunda mashinada yo‘lovchilar soni 3 kishidan oshmasligi va karantin qoidalariga amal qilinishi kerak bo‘ladi. Bu haqda 6 may kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hudud aholisiga yo‘llagan murojaatida ma'lum qilgan.

«Yo‘nalishsiz taksilarga uch nafar yo‘lovchi bilan yurishga ruxsat berilgan. Damas va avtobuslarga ruxsat berilmaydi», deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.

Sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, savdo do‘konlari hamda mehmonxonalar (nonushtasiz) faoliyati ham qayta tiklanadi.

Aholiga karantin qoidalariga amal qilgan holda shaxsiy avtomobil, mototsikl, skuter va velosipedlardan ham cheklovsiz, ammo maqsadli foydalanishga ruxsat berilgan.

Karantin tartiblari yumshatilishi Qashqadaryo viloyati «yashil» hudud deb baholanishi bilan bog‘liq, viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda karantin bo‘yicha yangi tartib haqida e'lon qilgan, unga ko‘ra hududlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib «qizil», «sariq», «yashil» hududlarga ajratilishi ma'lum bo‘lgandi.

Bundan avvalroq Samarqand va Namangan viloyatlari «qizil» hudud belgilangani, ushbu hududlarda karantin qoidalari hozircha yumshatilmasligi ma'lum qilingan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid