O‘zbekiston | 16:00 / 07.05.2020
26330
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 1600dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand va Toshkent shahrida bemorlarning navbatdagi guruhlari tuzalib, ularga javob berilgani haqida xabar berdi.

Samarqand viloyatida 15 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

«Tuzalganlarning barchasi Samarqand viloyatidan (10 nafari Toyloq tumani, 2 nafari Oqdaryo tumanidan, Payariq, Past Darg‘om tumanlari va Samarqand shahridan 1 nafardan) bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallik yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 65 yoshda, yoshi kichigi esa 2020 yilda tug‘ilgan chaqaloq.

Viloyatda shu paytga qadar 37 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 52 nafarga yetdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 7 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 19 nafar hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 6 nafar, jami  32 nafar bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 6 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Turkiyadan charter reysda kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Ularning orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2018 yil tug‘ilgan. 

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 6 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan hamda 2 nafari Qozog‘istondan kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 10 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 10 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 81 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 8 yoshda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida tuzalganlarning 1 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Qozog‘iston Respublikasi orqali Rossiyadan kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 4 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 5 nafari erkak, 1 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 468 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 500 nafarga yetdi.

Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1624 nafarga yetdi. Yana 632 kishi shifoxonalarda qolmoqda.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan davolanayotganlarning 10 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanmoqda.

Mavzuga oid