O‘zbekiston | 09:04 / 07.05.2020
4223
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «UzVS» milliy venchur jamg‘armasi tashkil etiladi

Innovatsion g‘oyalar va startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish va “UzVS” milliy venchur jamg‘armasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Innovatsion g‘oyalar va startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish va “UzVS” milliy venchur jamg‘armasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasi bilan birgalikda:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida “UzVS” milliy venchur jamg‘armasini tashkil etish;

Jamg‘armaning boshlang‘ich ustav kapitali (fondi)ni 30 milliard so‘m miqdorida belgilash;

Jamg‘arma boshlang‘ich ustav kapitali (fondi)ni shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ulushini – 50 foiz, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining ulushini – 50 foiz ulushlarda shakllantirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

innovatsion g‘oyalar va startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish;

yuqori texnologik innovatsion g‘oyalar va loyihalar hamda startaplarni moliyalashtirish va xususiy investorlarni jalb qilish uchun imtiyozli cubsidiyalar, investorlar bilan sheriklikda venchur fondlar ochish kabi investitsion instrumentlarni (“Fund of Funds”) ishlab chiqish;

Jamg‘arma ustav kapitali hisobidan yuqori texnologik startap loyihalarini 150 million so‘mdan oshmagan holda moliyalashtirish va monitoringini olib borish.

Belgilanishicha:

Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanib, o‘z mustaqil balansi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri va davlat tilidagi o‘z nomi tushirilgan muhr, shtamp va boshqa belgilariga ega;

Jamg‘armaning ustav kapitali boshqa manbalar orqali oshirilishiga ruxsat beriladi;

Jamg‘arma yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan sheriklikda venchur loyihalarni moliyalashtirish maqsadida venchur jamg‘armasi muassisi bo‘lishi mumkin;

Jamg‘armaning tashkiliy tuzilmasi xalqaro tajribadan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

Jamg‘arma direktori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tayinlanadi;

Jamg‘armani saqlash xarajatlari Jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

Jamg‘arma uchun samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (“KPI”) xalqaro tajribadan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan belgilanadi;

Jamg‘arma boshqaruviga malakali va xalqaro tajribaga ega chet el yoki O‘zbekiston fuqarolari jalb etilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligining Jamg‘armaning ustav kapitalidagi ulushini shakllantirish uchun 15 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan vazirlik uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasi 15 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni Jamg‘armaning ustav kapitalidagi ulushini shakllantirish uchun moliyalashtiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid