Jahon | 10:40 / 12.05.2020
137767
19 daqiqa o‘qiladi

AQSh yoki SSSR: Ikkinchi jahon urushining asl g‘olibi kim bo‘lgandi?

Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga 75 yil bo‘lgan kunlarda Rossiya va AQSh yana SSSRning Ikkinchi jahon urushidagi o‘rni borasida bahslashmoqda. Rossiya TIV Oq uy rasmiy sahifasidagi tvitdan g‘azabga tushdi, unda urush g‘oliblari sifatida faqat Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya nomlari keltirilgandi.

Urush... o‘z nomi bilan urush. Odamlar urushda g‘olib bo‘lmaydi, unda hamma mag‘lubiyatga uchraydi deb hisoblaydi. Chunki g‘olib tomon ham juda katta yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. Lekin kimdir yutib chiqmasa, urushdan mantiq nima? Baribir urushda kimdir yutadi.

Shu o‘rinda bir o‘xshatish: Qadimgi Rim imperiyasi Apennin yarimorolini o‘ziga bo‘ysundirgach, qo‘shni Gretsiyani ham egallash uchun harakat boshlaydi. O‘sha davrda Ellada deb atalgan Gretsiya yaxlit bir davlat bo‘lmay, unda ko‘plab kichik davlatlar bor edi. Ana shunday davlatlardan biri Gretsiya shimolidagi Epir davlati bo‘lgan. Rim askarlari bu davlat hududiga bostirib kirar ekan, eramizdan avvalgi 280-279 yillarda bo‘lib o‘tgan janglarda Epir podshohi Pirr katta talafot berib bo‘lsa-da, rimliklarni yengadi.

Ayniqsa oxirgi jangda talafot mislsiz bo‘ladi. Shunda Pirr «Agar rimliklar ustidan yana bir marta g‘alaba qozonsam, yonimda hech kim qolmaydi» degan ekan. O‘shandan buyon dunyo ahli katta talafotlar evaziga qozoniladigan g‘alabani «Pirr g‘alabasi» deb nomlab keladi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani ham, uning asosiy g‘olibi juda katta talafotlar evaziga qo‘lga kiritganini inobatga olsak, bemalol «Pirr g‘alabasi» deb atash mumkin. Ikkinchi jahon urushida g‘oliblar safida turadigan barcha davlatlar haqida «katta yo‘qotishlarga uchragan» deb bo‘lmaydi. Bu g‘alabada eng katta yo‘qotish sobiq ittifoq zimmasiga tushgan.

Urush oqibatida SSSRning aholi zich yashaydigan va ko‘plab kichik sanoat korxonalari joylashgan g‘arbiy qismi batamom vayron bo‘ladi. Bir necha million kishi qurbon beriladi. Qolgan g‘oliblar esa nafaqat qurbonlar soni, balki boshqa yo‘qotishlar bo‘yicha ham SSSRdan kamroq talafot ko‘radi, hatto fashistlar oyog‘i yetgan Fransiya ham.

Ikkinchi jahon urushidagi asosiy g‘oliblar to‘rtta davlat: SSSR, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya hisoblanadi. Qolganlarning roli uncha katta emas. Quyida shu to‘rt davlatning ikkinchi jahon urushida yo‘qotganlari va qo‘lga kiritganlari haqida mulohaza yuritamiz.

1. SSSR
Yo‘qotishlar

Garchi ikkinchi jahon urushini fashistlar Germaniyasi bilan kelishib 1939 yilda boshlagan va Sharqiy Yevropadagi bir necha davlatni nemislar bilan birga bosib olgan bo‘lsa ham, oxir-oqibat bu urushda eng katta yo‘qotishlarga SSSR uchragan. Imperiya fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada eng asosiy g‘olib sifatida eslansa ham, urush oqibatida mamlakatning g‘arbiy qismi batamom vayron bo‘lgan, ko‘p millionlab qurbonlar berilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi taqdim etgan rasmiy statistikaga qaraydigan bo‘lsak, SSSRning ikkinchi jahon urushida yo‘qotgan harbiy xizmatchilari soni qariyb 12 millionni tashkil etgan. Tinch aholidan bo‘lgan yo‘qotishlarni ham qo‘shib hisoblaganda, jami qurbonlar soni 26,6 million nafarni tashkil etgan. Mamlakat jami boyliklarining 30 foizini shu urush tufayli yo‘qotgan. Tarixchilar o‘sha paytda Stalin oqilona va rejali ish tutganida, SSSR buncha ko‘p qurbon bermasdi deb hisoblaydi.

Iosif Stalin Germaniya SSSRga hujum qilishini kutmagandi

Gap shundaki, Stalin Molotov-Ribbentrop paktidan so‘ng Hitler o‘z va'dasida turadi va SSSRga hujum qilmaydi degan ishonchda bo‘lgan. Vaziyat esa aksini ko‘rsatar edi. Masalan, har ikki davlat 1939 yil sentabr oyida Polshaga ikki tomondan bostirib kirib, uni egallab olganidan so‘ng yangi chegaralarni belgilaydi va shu tariqa SSSR Germaniya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega bo‘ladi.

1939 yil sentyabrdan 1941 yil 22 iyungacha o‘tgan qariyb ikki yil davomida Germaniya SSSR bilan bo‘lgan chegara hududlarga o‘z armiyasining juda katta qismini joylashtira boshlaydi. Stalin uchun bu ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Ammo negadir bu ish «dohiy»ni cho‘chitmaydi va xavotirga solmaydi. Sobiq ittifoq arxivlarida fashistlar armiyasi ichida bo‘lgan sovet ayg‘oqchilari vaziyat haqida tashvishlanib yuborgan xabarlar ham saqlanadi.

Ular haqida o‘z vaqtida Stalinga ma'lum qilingan. «Xalqlar otasi» esa zarur choralar ko‘rish o‘rniga o‘sha ayg‘oqchilarni vatan xoini deb e'lon qilish haqida buyruq bergan. SSSRda ayg‘oqchilarning ism-sharifi oshkor qilinib, vatan xoini deb e'lon qilingani haqida xabar topgan nemislar sovet ayg‘oqchilarining bir guruhini qo‘lga tushirishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Shuningdek, aynan Stalin 1937 yildan boshlab fuqarolar urushi davrida matonat ko‘rsatgan armiyadagi ko‘plab yuqori lavozimli zobitlarni qatag‘on qiladi. Yirik tank bo‘linmalarini tarqatib yuboradi. Agar o‘shanda Stalin bor e'tiborini nemislarning Polshaga juda katta qo‘shin to‘playotganiga qaratsa va bunga qarshi choralar ko‘rsa, yo‘qotishlar kamroq bo‘lar edi.

Qo‘lga kiritilgan hududlar va xalqaro maydondagi obro‘

Ikkinchi jahon urushi tufayli qo‘lga kiritilgan salmoqli hududlarni SSSR Hitler armiyasi bostirib kelguncha egallab bo‘lgan edi. 1939 yil 23 avgustda SSSR va Germaniya o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik haqida kelishuv imzolanadi. Bu kelishuv tarixda «Molotov-Ribbentrop pakti» deb atalgan. Ushbu pakt Moskvada har ikki mamlakatning tashqi ishlar vazirlari Vyacheslav Molotov va Iohim fon Ribbentrop tomonidan imzolangan.

Shu o‘rinda kichik bir izoh. 1939 yil 3 maygacha SSSR tashqi ishlar vaziri Maksim Litvinov bo‘lgan. Asl ism-sharifi Meyer-Genox Moiseyevich Vallax bo‘lgan Litvinovning millati yahudiy edi. Stalin Hitler bilan o‘zaro hujum qilmaslik haqida kelishuvga erishgan paytda nemislar aynib qolishadi. Ular kelishuvni millati yahudiy bo‘lgan Litvinov bilan imzolashni xohlamaydi. Shundan so‘ng Stalin Litvinovni tashqi ishlar xalq komissari lavozimidan bo‘shatadi va o‘rniga Molotovni tayinlaydi. Oradan ikki oy o‘tib Germaniya tashqi ishlar vaziri Iohim fon Ribbentrop Moskvaga tashrif buyuradi va kelishuv imzolanadi.

Vyacheslav Molotov va Iohim fon Ribbentrop

Bu kelishuvning Sharqiy Yevropadagi bir nechta davlatni o‘zaro birgalikda bosib olish haqidagi qismini o‘sha paytda har ikki tomon qattiq sir saqlaydi. Shundan so‘ng, avvaliga Polsha, so‘ng Ruminiya birgalikda bosib olinadi. Har ikki mamlakatning g‘arbiy qismi Germaniyaga, sharqiy qismi SSSRga tegadi. Bu orada sovet qo‘shinlari Chexoslovakiyaga bostirib kirib, Zakarpateni egallaydi. 1940 yilga kelib SSSR Finlyandiyaga qarshi urush e'lon qiladi va undan Kareliyaning katta qismini tortib oladi. Keyin Boltiqbo‘yidagi uch respublika – Latviya, Litva va Estoniya bosib olinadi.

Agar Germaniya kelishuvni buzib, SSSRga hujum qilgan sanagacha bo‘lgan vaziyatga qaraladigan bo‘lsa, SSSR Sharqiy Yevropada ancha hududlarni qo‘lga kiritgan edi. Yuqorida Stalin Hitlerning Polshada qo‘shin to‘playotganiga e'tiborsizlik bilan qaragani haqida aytgandik. Balki SSSR Qora dengiz sohillaridan qariyb Shimoliy muz okeanigacha bo‘lgan katta hududlarni bosib olishda nemislar qarshiligiga uchramagani sabab shunday bo‘lgandir.

Ruminiyadan Boltiq dengizi bo‘yigacha SSSRning chegarasi nemislar egallab turgan hududlarga borib taqalgan. Ahamiyatlisi, nemislar o‘zaro imzolangan kelishuvga amal qilgan va o‘rtada yer talashib mojaro kelib chiqmagan. Har ikki davlat Polshani o‘zaro taqsimlab olganidan so‘ng Germaniya va SSSR armiyasi Polshaning Brest shahrida (bu shahar hozir Belarus tarkibida) 1939 yil 22 sentyabrda birgalikda harbiy parad o‘tkazadi.

1941 yil 22 iyungacha Sharqiy Yevropada juda katta hududlarni bosib olgan SSSR urush tugagach, Uzoq Sharqda ham ancha hududlarni qo‘lga kiritadi. Xususan, Yaponiyaga tegishli bo‘lgan Kuril orollarini egallab oladi. Shuningdek, urush paytida sovetlar armiyasining qadami qayerga yetgan bo‘lsa, urushdan so‘ng o‘sha mamlakat SSSR ta'sir doirasiga tushadi va bu hududlarda zo‘ravonlik bilan sotsialistik tuzum o‘rnatiladi. Sharqiy Yevropadagi bir qator mamlakatlar, Osiyodagi Mo‘g‘uliston, Xitoy, Shimoliy Koreya shular jumlasidan edi.

Shu bilan birga, SSSR tovon sifatida Germaniyadagi ko‘plab zavod fabrikalarni ko‘chirib olib keladi. Ko‘chiriladigan korxonalar tugagandan so‘ng aholi vakillari ham talanadi. Masalan, o‘shanda hatto odamlarning egnidagi palto va bosh kiyimlargacha tortib olinib SSSRga jo‘natilgan. Shu tariqa, SSSR ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning asosiy g‘olibi bo‘lishdan tashqari, G‘arb dunyosiga raqobat qila oladigan ikkinchi qutb bo‘lib o‘rtaga chiqqan sotsializmning bosh me'moriga aylanadi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabadan so‘ng bu urushgacha jahon hamjamiyatida unchalik ham obro‘si bo‘lmagan SSSRning mavqeyi juda oshib ketadi va G‘arb dunyosi bu davlatga jiddiy raqobatchi sifatida qaray boshlaydi. Albatta, bularning barchasi «Pirr g‘alabasi»dan kam bo‘lmagan ulkan yo‘qotishlar hisobiga erishilgan natijalar edi.

Fransiya
Yo‘qotishlar

Ikkinchi jahon urushining yana bir asosiy g‘olibi bo‘lgan Fransiya bu urush natijasida uncha katta yo‘qotishlarga uchramagan.

Adolf Hitler Fransiya kapitulyatsiyasidan keyingi kuni, 1940 yilning 23 iyulida Parijga kelgandi

Nemislar bu mamlakatni atigi uch oyda, 1940 yilning may-avgust oylari oralig‘ida bosib olgan. Aslida Fransiya Germaniyaga nemislar Polshaga bostirib kirgan paytda, 1939 yil 3 sentyabrda urush e'lon qilgan edi. O‘sha paytda, SSSR bilan birgalikda Sharqiy Yevropani tamomila bosib olish maqsadida bo‘lgan Hitler o‘ziga qarshi urush e'lon qilgan Fransiya armiyasi qarshisiga kichik bo‘linmalarni qo‘yadi va fransuzlarni Germaniyaga bostirib kirishdan tiyib turadi. Sharqiy Yevropani egallash masalasi hal bo‘lganidan so‘ng u bir hamla bilan Fransiyani qo‘lga kiritadi. Bu ishda Fransiya janubini egallagan ittifoqchi Italiya ko‘maklashib yuboradi.

Hitler Fransiyani egallashida oddiy aholi deyarli qarshilik qilmaydi va shu sabab tinch aholi orasida qurbonlar nisbatan kamroq bo‘lgan. Janglar nisbatan qisqa vaqt davom etgani uchun vayronagarchiliklar va qurbonlar SSSR bilan solishtirganda kamroq bo‘ladi. Asosiy yo‘qotish esa Fransiyani to‘rt yil nemislar boshqargani bo‘ladi.

Mamlakatdagi yo‘qotishlar SSSR bilan taqqoslaganda kamdir, ammo aslida raqamlar qo‘rqinchli edi: Fransiya ikkinchi jahon urushida 253 000 askaridan, 412 000 ming tinch aholisidan ayriladi. 280 000 askar yarador bo‘ladi, 2 673 000 askar nemislarga asir tushadi. Ushbu raqamlardan ham bilsa bo‘ladiki, Fransiyada aholi tugul hatto armiya ham nemislarga tuzuk-quruq qarshilik ko‘rsatmagan.

Qo‘lga kiritganlari

Fransiya Germaniya yengilgandan so‘ng o‘zi chegaradosh bo‘lgan ayrim hududlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalarining bir qismi ham Fransiyaga tegadi. Eng katta «mukofot» esa Fransiya urush g‘olibi sifatida 1945 yil 24 oktyabrdan ish boshlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashida SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoy bilan birgalikda doimiy a'zolardan biriga aylanadi.

Buyuk Britaniya
Yo‘qotishlar

Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushida faol qatnashadi, ammo bu mamlakat hududida harbiy harakatlar deyarli bo‘lmaydi. Buyuk Britaniya armiyasi asosan Yevropaning materik qismiga o‘tib nemislarga qarshi jang olib boradi.

Britaniya avvaliga mudofaa urushi olib bordi

Britaniya ikkinchi jahon urushida o‘zining 286 000 harbiy xizmatchisidan, 92 ming tinch aholisidan ayrilgan. Germaniya harbiy aviatsiyasi 1940 yil Londonni havodan turib bombardimon qilgan. 1944 yil 6 iyunda ittifoqchilar tomonidan Normandiyada ikkinchi front ochiladi va Buyuk Britaniya armiyasi ham ushbu frontdagi janglarda ishtirok etadi.

Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushida nisbatan kam harbiy yo‘qotishlarga uchragan. Ammo ushbu mamlakat urushdan so‘ng xalqaro maydonagi mavqeyini AQShga boy berib qo‘yadi. Ko‘plab mustamlakalaridan ayriladi. Shuningdek, imperiyaning pul birligi funt sterling 1945 yilgacha dunyo valutasi rolini bajarar edi. Urush tugagach esa, AQShning 33-prezidenti Garri Trumenning sa'y-harakatlari bilan okeanorti davlatining milliy valutasi bo‘lgan dollar funt sterlingdan dunyo valutasi maqomini tortib oldi.

Qisqasi, Buyuk Britaniya bu urushdan urush g‘oliblaridan biri degan nufuzli nom va BMTdagi doimiy a'zolik rutbasidan boshqa hech narsa yutmadi, aksincha urush tufayli dunyo siyosiy sahnasidagi vaziyat o‘zgarib ketishi ortidan ko‘p narsa yo‘qotdi.

AQSh
Yo‘qotishlar

AQSh ham ikkinchi jahon urushidan SSSRga qaraganda ancha kam talafot bilan chiqqan. Bu mamlakat urushda 405 399 nafar harbiy xizmatchisidan, 12 100 nafar tinch aholisidan ayrilgan. Ba'zi manbalarda qurbonlar soni 650 mingdan ortiq bo‘lgani aytiladi. Harbiylardan 296 929 nafari Yaponiya bilan bo‘lgan urushda halok bo‘lgan. AQSh bu urush natijasida katta moliyaviy va iqtisoiy yo‘qotishlarga uchramagan. Aksincha, yutgan.

AQSh va ittifoqchilar 1944 yil Normandiyada desant tushirib, G‘arbiy frontni ochishgan

Qo‘lga kiritganlari

Ikkinchi jahon urushi AQShga juda ko‘p narsa bergandi, desak xato bo‘lmaydi. 1929-1932 yillarda bo‘lib o‘tgan jahon iqtisodiy inqirozi natijasida AQSh juda katta moliyaviy va iqtisodiy yo‘qotishlarga uchragandi. Shuning uchun ham o‘sha davr bu mamlakatda «Buyuk tushkunlik» davri deb ataladi.

1933 yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga Hitler kelishi bilan bu davlat qurollanishni boshlar ekan, AQSh kompaniyalari Germaniya bilan faol savdo aloqalari olib boradi. Hatto ikkinchi jahon urushi boshlanib, tugaguncha AQSh neft kompaniyalari Germaniya armiyasi uchun benzin, kerosin, aviakerosin, dizel yoqilg‘isi va yana ko‘plab boshqa yoqilg‘i moylash mahsulotlarini yetkazib berishda davom etadi.

AQShning General Motors Company avtomobilsozlik kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Adam Opel AG zavodlari ham urush paytida Germaniya armiyasi uchun harbiy samolyotlar, yuk avtomobillari, tanklar va boshqa zirhli texnikalarni ishlab chiqarib, yetkazib beradi. Bu kompaniyani 1940 yilda natsistlar amerikaliklardan tortib olib, yengil avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatgan va undan harbiy maqsadlar uchun foydalangan degan ma'lumotlar ham yo‘q emas.

Ammo keyinchalik o‘shanda bu ish amerikalik hamkorlar bilan kelishilgan holda qilingan degan gap-so‘zlar ham bor. Ma'lumot o‘rnida, Adam Opel AG’ning 80 foiz aksiyasini AQSh kompaniyasi 1929 yilda sotib olgan bo‘lsa, 1931 yilga kelib nemis kompaniyasi 100 foiz General Motors Company egasiga aylanadi.

Umuman olganda, AQSh kompaniyalari ikkinchi jahon urushining boshidan oxirigacha faol savdo bilan shug‘ullanadi va dunyoning urush ketayotgan turli qismlariga mahsulotlar yetkazib berishni davom ettiradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, AQSh «Buyuk tushkunlik» davridagi iqtisodiy va moliyaviy qulash o‘rnini ikkinchi jahon urushi davridagi savdo aylanmalari orqali qoplab oldi.

Ikkinchi jahon urushida AQShning eng katta yutug‘i shu bo‘ldiki, bu davlat nafaqat dunyoning turli mintaqalarida, balki rivojlangan Yevropada ham o‘z mavqeyini mustahkamlab oldi va chinakamiga dunyoning birinchi raqamli davlatiga aylandi. Buning ortidan AQSh milliy valutasi Buyuk Britaniya pul birligi funt sterlingni siqib chiqarib, dunyo valutasi maqomini qo‘lga kiritdi.

Dunyoning turli mamlakatlarida ko‘plab harbiy bazalar ochilishi, Yevropa, Osiyo va dunyoning yana boshqa mintaqalarida o‘z iqtisodiy faoliyatini kengaytirishi AQShning yutug‘i bo‘ldi. Ayniqsa, Yaponiya, Germaniya federativ respublikasi kabi malakatlarning batamom AQSh ta'siri ostiga tushishi ham bu mamlakatning iqtisodiy va siyosiy tarafdan yuksalishiga xizmat qildi.

Umuman olganda, urushdan so‘ng o‘tgan 75 yil mobaynida AQSh dunyoning eng kuchli iqtisodi sifatida jahon iqtisodiyotiga yetakchilik qilib kelayotganiga ikkinchi jahon urushi va unda qozonilgan g‘alabaning ham munosib o‘rni bor.

Bir so‘z bilan aytganda, SSSR ikkinchi jahon urushidan 26,6 million odam qurbon berib, mamlakatning eng muhim hududlari vayron bo‘lgan holda chiqqan bir vaqtda AQSh bu urush tufayli bir tarafdan nisbatan kam yo‘qotishlar bilan, iqtisodiy tarafdan yuksalib chiqdi, ikkinchi tarafdan esa butun dunyo bo‘ylab o‘z mavqeyini misli ko‘rilmagan darajada yuksaltirib oldi.

«Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi» degan ibora eng ko‘p qurbon berib, ikkinchi jahon urushining asosiy g‘olibi bo‘lgan SSSRga balki mos tushar, ammo AQShga emas... Amerika ikkinchi jahon urushidan har tomonlama yutib ketgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid