Jahon | 09:37 / 19.05.2020
7097
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh bosh prokurori Apple’ni Rossiya va Xitoyga ishlashda aybladi

AQSh bosh prokurori Uilyam Barr Apple kompaniyasini Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilishda aybladi. Uning fikricha, ushbu davlatlar fuqarolar ortidan kuzatuv olib borish maqsadida kompaniya bilan til biriktirgan.  

Foto: AP Photo / Ng Han Guan, File

Barr bunga Federal qidiruvlar byurosi Florida shtatidagi aviabazada 2019 yil dekabrda otishma uyushtirgan saudiyalik kursant Muhammad ash-Shamraniy telefoniga kira olgani munosabati bilan to‘xtalib o‘tgan. Telefonda olingan ma'lumotlar hujum terrorchilik maqsadida amalga oshirilganidan darak beradi.

Apple AQSh idoralariga doimiy asosda foydalanuvchilar qurilmalariga kirish imkonini berishni rad etgan, biroq tergov doirasida hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. 

“Apple Xitoy kommunistik partiyasi va Rossiya bilan ushbu davlatlar hukumatlari katta ko‘lamli kuzatuv olib bora olishi uchun o‘z ma'lumotlar markazini ko‘chirish borasida ishlagani haqida ko‘plab xabarlar bo‘lgan”, deb aytgan Barr matbuot anjumanida.  

“Biz esa Apple’dan hech qanday yordam olmaganmiz. Bunday kompaniyalar ma'lumotlarning to‘liq shifrlanishi, shaxsiy hayotga huquqni himoyalab baralla bong urib, shu bilan birga gap o‘z biznes-manfaatlari haqida ketganda  avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilishga tayyorlar. Apple o‘z ma'lumotlar markazlarini Xitoy va Rossiyaga ko‘chirib, Xitoy kommunistik partiyasi va Rossiya tuzumiga kuzatuv olib borishni tashkillashtirishda yordam bergan”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh bosh prokurori.

Barrning ta'kidlashicha, kompaniya nopok tuzumlarga qarshi kurashuvchilar qo‘llagan imkoniyat va dasturlarni o‘chirib tashlagan. Uning fikricha, Apple avtoritar davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lib, qonun ustuvor bo‘lgan, daxlsizlik va fuqarolar erkinligi hurmat qilinadigan davlatlar bilan hamkorlikdan voz kechsa, buni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.

Ta'kidlanishicha, FQB Apple hamkorlik qilishdan bosh tortgani sababli ash-Shamraniy telefonidagi ma'lumotlarni olish uchun 4 oydan ko‘proq vaqt sarflagan. 

O‘z navbatida kompaniyada ta'kidlanishicha, Floridadagi hujumdan keyin kompaniya FQBga barcha mavjud ma'lumotni taqdim qilgan va tergov bilan hamkorlik qilgan. Kompaniyada ma'lum qilinishicha, u ushbu ish va boshqa minglab ishlar doirasida FQB va boshqa huquq-tartibot idoralari bilan uzukun hamkorlikni davom ettirmoqda.  

Shu bilan birga, Apple’da AQSh maxsus xizmatlariga foydalanuvchilar qurilmalariga doimiy asosda kirish imkoniyatini berish maqsadga muvofiqmas, deb hisoblanadi. Chunki huquq-tartibot idoralariga berilgan bunday imkoniyatdan firibgarlar ham foydalanishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid