O‘zbekiston | 15:50 / 24.05.2020
16389
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikkinchi to‘lqinda kasallangan bemorlar ham sog‘aya boshladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi respublikaning uchta hududida 33 nafar bemor sog‘ayib, O‘zbekistonda shu vaqtgacha kasallikdan tuzalganlar soni 2565 nafarga yetgani to‘g‘risida xabar berdi.

Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 13 nafar, Samarqand viloyatida 12 nafar hamda Navoiy viloyatida 8 nafar, jami 33 nafar bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Endilikda Toshkent shahrida tuzalganlar soni 919 nafarga yetdi, davolanayotganlar esa 353 nafarni tashkil etmoqda.

Samarqand viloyatida esa sog‘ayganlar 230 nafarga yetgan, 94 nafar davolanishni davom ettirmoqda.

Navoiy viloyatida epidemiya boshlanganidan buyon darddan forig‘ bo‘lganlar soni 10 nafarga yetdi, 78 bemor shifoxonada qolmoqda.

Qayd etish kerakki, aholi orasidan koronavirus infeksiyasi aniqlanish holatlari ham aynan ushbu uchta hudud: Navoiy va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

«Shu bois, ushbu hududlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda bemorlarni samarali davolash borasida qat'iy choralar ko‘rilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shunday qilib, bugun hozirga qadar 33 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2565 nafarga yetdi.

O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 3132 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, jami 554 nafar bemor davolanmoqda.

Ma'lumot uchun, Navoiyda ilk holatlar 31 mart kuni aniqlangandi. Ularning biri 25 aprel kuni tuzalgandi, 4 may kuni ikkinchi bemor ham sog‘ayib chiqqan va Navoiy koronavirusdan xoli hududga aylangandi.

6 may kuni Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra Navoiy «yashil» hudud sifatida belgilandi.

Ammo 8 mayda Navoiy shahrida karantin tadbirlari yanada kuchaytirilgani xabar qilindi.

9 may kuni viloyat hududida yangi kasallanish holatlari aniqlana boshladi. O‘tgan vaqt davomida 86ta holat aniqlandi, endi ularning 8 nafari tuzaldi, 78 bemor davolanmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid