O‘zbekiston | 18:45 / 04.06.2020
29746
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahriga yangi hokim tayinlandi

Shaharni qariyb uch yil boshqargan Odiljon Jo‘rayev lavozimidan ozod etilib, o‘rniga shaharning sobiq hokimi Akrom Eshonqulov tayinlandi.

Akrom Eshonqulov / Foto: Toshkent viloyati hokimligi

4 iyun kuni Xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi. Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov nutq so‘zladi.

«Viloyat hokimi o‘z so‘zida shaharda keyingi paytda yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, xususan, aholi bandligini ta'minlash sohasida to‘planib qolgan masalalar, qulay tadbirkorlik muhitini yaratish bo‘yicha joriy islohotlarni o‘z vaqtida va yuqori saviyada ijro etish singari masalalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy tahlil qildi», – deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.

Sessiyada Ohangaron shahar hokimi Odiljon Jo‘rayev lavozimidan ozod etilgan.

Rustam Xolmatov Ohangaron shahri hokimi lavozimiga Eshonqulov Akrom Jo‘rayevich nomzodini tavsiya qilgan, nomzod ochiq ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlangan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Ma'lumot uchun, Akrom Eshonqulov 1976 yil 16 fevralda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. G.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot akademiyasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mutaxassisligi – iqtisodchi.

Eshonqulov mehnat faoliyati davomida davlat boshqaruv tizimida bir qator vazifalarda, jumladan Toshkent viloyati hokimligi axborot tahlil guruhi rahbari, Ohangaron tumani hokimining birinchi o‘rinbosari – shahar hokimi, Ohangaron tumani hokimi v.v.b. lavozimida ishlagan.

Akrom Eshonqulov mazkur lavozimga tayinlangunga qadar Vazirlar Mahkamasi Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘limining Olmaliq shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Ohangaronga 2017 yilda viloyat bo‘ysunidagi shahar maqomi qaytarilgan, tumandan alohida holda shaharga Odiljon Jo‘rayev hokim etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid