O‘zbekiston | 18:25 / 08.06.2020
12050
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahri «sariq» hududga aylandi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tuman va shaharlar epidemiologik toifalarining ro‘yxatini yangiladi. Unga ko‘ra, Samarqand shahri «qizil» hududlar qatoridan chiqarilgan.

Samarqand shahri yangilangan ro‘yxatda «sariq» toifada ko‘rsatilgan. Shaharda 27 martdan jamoat transporti harakati to‘xtatilgandi. Respublika hududlarini koronavirus tarqalish darajasiga ko‘ra uch xil toifaga ajratish boshlangandan buyon Samarqand shahri «qizil» hudud bo‘lib qolayotgandi.

Uzoq vaqt «qizil» hududlar qatorida bo‘lgan va viloyatdagi oltita «kasallik o‘choqlaridan» biri deb e'lon qilingan Toyloq tumani ham «sariq» hududlar qatoriga kirgan. Shuningdek, endilikda Oqdaryo va Samarqand tumanlari ham «sariq» toifaga o‘tgan. Payariq, Past Darg‘om va Urgut tumanlari hamon «qizil» hududligicha qolmoqda.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, oxirgi kunlarda Toyloq tumani va Samarqand shahrida transport qatnoviga cheklovlar yumshatilgan va belgilangan muddatda (07:00dan 10:00gacha, 17:00dan 20:00gacha) toyloqlik fuqarolar o‘z mashinasida Samarqand shahriga o‘ta boshlagan. Bungacha o‘ta zarur holatlardan tashqari mashinalarning Toyloq tumanidan chiqishiga ruxsat berilmagan va tumandan deyarli mashinalar chiqmayotgandi.

Samarqand viloyatidagi hududlar koronavirus tarqalish xavfining darajasiga ko‘ra quyidagi tartibda tavsiflangan.

«Qizil» hududlar: Payariq tumani, Past Darg‘om tumani, Urgut tumani;

«Sariq» hududlar: Samarqand shahri, Samarqand tumani, Oqdaryo tumani, Toyloq tumani, Jomboy tumani;

«Yashil» hududlar: Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on tumani, Narpay tumani, Qo‘shrabot tumani, Nurobod tumani, Bulung‘ur tumani, Paxtachi tumani, Ishtixon tumani.

Mavzuga oid