O‘zbekiston | 16:45 / 26.03.2020
32285
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahri karantinga yopilmoqda: shaharda jamoat transporti qatnovi bekor qilinadi

Samarqand shahriga barcha hududlardan kirish 27 mart kuni soat 06:00dan boshlab har qanday transport vositalari (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) uchun to‘xtatiladi.

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahriga kirishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarda, shuningdek, Samarqand shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, Samarqand shahrida joylashgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini olib borayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat SEOM xodimlari hamda viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas'ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, 27 mart kuni soat 06:00dan boshlab Samarqand shahri hududida tramvay va avtobuslar harakati to‘xtatiladi.

Shahar hududiga kirishga qo‘yilgan cheklovlarga va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

«Aziz samarqandliklar, sizlarni yana bir bora karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa uyda qolishga chaqiramiz», — deyiladi viloyat hokimligi murojaatnomasida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid