Jahon | 14:31 / 30.06.2020
18618
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyevga zotiljam tashxisi qo‘yildi

Shifokorlar konsiliumida Atamboyevni statsionar davolanish uchun kasalxonaga o‘tkazishga qaror qilingan.

Foto: kenesh.kg

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevda zotiljam aniqlanganligi sababli statsionar davolanish uchun davlat xavfsizlik qo‘mitasi izolyatoridan kasalxonaga o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

"29 iyun kuni Atamboyev o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qildi hamda undan COVID-19ga tahlil olindi, natija manfiy. Shu kuni shifokorlarning onlayn konsiliumi o‘tkazilganidan so‘ng unga ikki tomonlama zotiljam tashxisi qo‘yildi", - deyiladi xabarda.

Shifokorlar konsiliumida Atamboyevni statsionar davolanish uchun kasalxonaga o‘tkazishga qaror qilingan.

Qayd etilishicha, Atamboyev oxirgi haftalarda advokatlari va qarindoshlari bilan bir necha marta uchrashgan, ular unga ataylabdan qog‘oz va buyumlar berishgan.  

"Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Atamboyevning advokati Zamir Jooshevda virusli infeksiyaning ayrim alomatlari aniqlangan bo‘lib, uning yaqin qarindoshi Issiq-Ota tumanidagi kasalxonada COVID-19 alomatlari mavjudligi sababli davolanmoqda", - deyiladi qo‘mita xabarida.

23 iyun kuni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev jinoyatchi Aziz Batukayevni pora evaziga qamoqdan chiqargan deb topilib 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Mavzuga oid