Jahon | 15:25 / 14.07.2020
25361
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon 100ga yaqin arman harbiylari yo‘q qilinganini ma'lum qildi

Armaniston tomonining o‘qqa tutishi oqibatida ikki nafar yuqori unvonli ofitser - general-mayor Po‘lat Hoshimov va polkovnik Ilg‘or Mirzayev hamda yana besh nafar harbiy halok bo‘lgan.

Foto: Vaxram Bagdasaryan/Reuters

Seshanbaga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarboyjon chegarasida davom etgan janglarda Armaniston tomoni ko‘plab yo‘qotishlarga uchradi. Bu haqda Ozarboyjon mudofaa vazirligi xabar berdi.

 Ozarboyjon mudofaa vaziri Karim Valiyevning ma'lum qilishicha, 12 iyuldan buyon Ozarboyjon qurolli kuchlarining harakatlari natijasida 100ga yaqin arman harbiylari, raqibning texnikasi va qo‘mondonlik punkti yo‘q qilingan.

 Bundan tashqari, u Armaniston tomonining o‘qqa tutishi oqibatida ikki nafar yuqori unvonli ofitser - general-mayor Po‘lat Hoshimov va polkovnik Ilg‘or Mirzayev hamda yana besh nafar harbiy halok bo‘lganini aytdi. Mudofaa vaziri o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, jangovar harakatlar davom etmoqda.

12 iyul kuni Boku va Yerevan bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish va artilleriyadan foydalanishda ayblagandi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligining ta'kidlashicha, Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Tovuz tumanida Ozarboyjon pozitsiyalarini artilleriya qurilmalaridan o‘qqa tutgan.

O‘z navbatida Armaniston tomoni Ozarboyjonni chegarani buzishga urinishda aybladi.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi kelishmovchilik 1988 yil fevralda Tog‘li Qorabog‘ muxtor oblasti Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqishini e'lon qilganidan so‘ng vujudga kelgan. 1992-1994 yillardagi qurolli nizo davomida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash beshta rayon ustidan nazoratni yo‘qotgan.

Mavzuga oid