Jamiyat | 14:47 / 23.07.2020
15174
2 daqiqa o‘qiladi

Kitob tumani SEOM boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushdi

Qashqadaryo viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi Kitob tumani filiali boshlig‘i​ pora bilan qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Kun.uz'ga xabar berdi.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qashqadaryo viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi Kitob tuman filiali boshlig‘i Q.N. fuqaro M.Yu.dan fuqarolar tomonidan karantin qoidalarini buzib, niqobsiz yurganliklari holati yuzasidan ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 800 ming pora talab qilib, shundan 600 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», - deyiladi BP ma'lumotida.​

Mazkur holat yuzasidan filial boshlig‘i Q.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi («pora olish»​) 2-qismi «v»​ bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.​

Bundan tashqari, SEO markazlarga ajratilgan pullarning talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq ​ko‘plab holatlar aniqlanmoqda. Masalan, Andijon viloyatida SEOM mansabdor shaxslari 159,3 mln so‘m miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda​. Shuningdek,  Qashqadaryo viloyat SEOMda 917,8 million so‘m, Namangan viloyat SEOMda 248,9 mln so‘m, Navoiy viloyat SEOMda 222,3 mln so‘m, Buxoro viloyat SEOMda 204,6 mln so‘m mablag‘ talon-toroj bo‘lgani aniqlangan edi.​

Bu holatlarning barchasi dezinfeksiya vositalarini bozor narxidan qimmat narxlarda xarid qilish bilan bog‘liq.​

 

Mavzuga oid