Jahon | 13:52 / 28.07.2020
56754
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bo‘ylab armanlar va ozarlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda

So‘nggi kunlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida armanlar va ozarlar o‘rtasida o‘zaro to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Ularning ba'zilarida ozarlar, ba'zilarida armanlar hujum qilgan.

Londondagi aksiyalar / N.ABBASZADA

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi chegarada har ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 12 iyulda boshlangan edi. O‘shandan beri hanuz vaziyat tinchigani yo‘q. Kamiga ikki qo‘shni millat vakillari dunyoning turli mamlakatlarida va shaharlarida o‘zaro to‘qnashuvlar sodir etmoqda.

Rossiya, Ukraina, Yevropa mamlakatlari va AQShda arman hamda ozar diasporalari vakillari o‘rtasida ko‘plab ommaviy mushtlashuvlar bo‘lib o‘tgani qayd etildi. Ular o‘rtasida hatto otishma bo‘lib o‘tgan, ikki tomondan mashinalarga, ofislarga o‘t qo‘yish holatlari sodir etilgan.

24 iyul kuni kechqurun Moskvada armanlar va ozarboyjonliklar o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Moskvaning Marino tumanida ozarboyjonlar Armaniston davlat raqamlarida bo‘lgan mashinalarni to‘xtatib, mashinada bo‘lgan odamlarni do‘pposlagan.

Armanlar esa ozarboyjonliklarga tegishli bo‘lgan «1001 kecha» restoraniga hujum qilishgan. Bu haqda Moskvadagi ozarlar diasporasi vakillari xabar bergan.

Shuningdek, «Bratislavskaya» metro bekati yaqinida ham ikki millat vakillari ishtirokida ommaviy mushtlashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Sankt-Peterburgda ommaviy to‘qnashuvlarning oldini olish uchun shahar politsiyasi 60dan ortiq ozar va armanlarni vaqtinchalik hibsga olgan.

25 iyulga o‘tar kechasi Kiyevda Ozarboyjondan kelgan ikki talaba o‘qqa tutilgan. «Strana» nashrining xabar berishicha, to‘rt nafar ozarboyjonlik va bir guruh armanlar o‘rtasida avval dahanaki tortishuv bo‘lgan. Keyin esa janjal mushtlashuvga aylangan. Shundan so‘ng armanlardan biri o‘qotar quroldan o‘q uzib qochib ketgan.

Bir kun oldin Kiyevdagi arman diasporasi armanlarga tegishli ikkita restoran – «Nuh kemasi» va «Sevan»ga noma'lum shaxslar o‘t qo‘yishga uringanini xabar qilgan edi. Restoranlarga «Molotov kokteyli» uloqtirilgan. Restorandagilar jiddiy yong‘inning oldini olishgan.

Ikki diaspora vakillari o‘rtasidagi qarama-qarshilik AQShda ham kuzatilgan. Ozarboyjon televideniyesi xabariga ko‘ra, Los-Anjyelesda ozarlar Yerevan yuritayotgan siyosatga qarshi namoyish o‘tkazayotganda armanlar ularga tajovuz qilgan. Natijada o‘zaro mushtlashuv boshlangan va har ikki tarafdan odamlar jarohat olgan. Shundan so‘ng Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AQShda istiqomat qilayotgan ozarboyjonliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

San-Fransiskoda noma'lum shaxslar arman maktabi binosi devorlariga va yo‘laklariga ozar tilida turli tahdidli yozuvlar hamda Ozarboyjon bayrog‘ini chizib ketishgan.

Armanistonning Germaniyadagi elchisi Ashot Smbatyanning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda ozarboyjonlar tomonidan armanlarga qarshi kuch ishlatish, elchixonaga hujum qilish, armanlarning mulklarini vayron qilishga urinish holatlari qayd etilgan.

«Hatto Armaniston elchixonasining rasmiy mashinasi yoqib yuborildi», deb yozgan u feysbukdagi sahifasida.

Londondagi aksiyalar / N.ABBASZADA

Avvalroq, ozarlar va armanlarning Londondagi to‘qnashuvi videotasvirlari ham paydo bo‘lgan edi.

Mavzuga oid