Aynan shu mojaro tufayli Kavkazortidagi ikki qo‘shni respublikasida 30 yildirki hanuz tinchlik yo‘q. «Qo‘shning tinch – sen tinch» degan gap bor. Bu gap ko‘p marta o‘z isbotini topgan. Shuningdek, xoh ikkita oila, xoh ikki davlat bo‘lsin, bir-biri bilan yovlashib yashab bo‘lmaydi. O‘zingiz o‘ylang, ertalab ko‘chaga chiqqaningizdan sizni yoqtirmaydigan, ortingizdan goh sizga eshittirib, goh eshittirmasdan haqoratli so‘zlar bilan yomonlaydigan qo‘shni bilan yashab bo‘ladimi?

Unday qo‘shnidan-ku uyni sotib, boshqa yerga ko‘chib ketib qutularsiz, ammo shu muammo ikki qo‘shni davlat o‘rtasida bo‘lsa-chi? Axir vatan kichik uy emaski, yomon qo‘shnidan qutulish uchun uni sotib ko‘chib ketsangiz. Chingiz Aytmatovning o‘lmas qahramoni Guram Jo‘xadze aytganidek «Vatanni olib ketib bo‘lmaydi. Faqat sog‘inch va armonlarni olib ketamiz. Agar Vatanni xurjun kabi olib yurish va tashib ketish mumkin bo‘lganda, u sariq chaqaga arzimasdi...».

Ozarboyjon va Armaniston mojarosi ham chegaradagi odamlarini xuddi shunday murakkab holatda yashashga majbur qilmoqda. Bu ikki qo‘shni yurt 30 yildan beri yovlashib keladi. Ta’sir doirasi kuchli davlatlar esa ularni yarashtirish o‘rniga qurol-yarog‘ sotish bilan band...

Ijtimoiy tarmoqlarda bu ikki mamlakat hamda ozar va armanlar munosabati haqida havaskor videolar juda ko‘p. Bu videoroliklarda blogerlar Armaniston poytaxtida ozar rolini, Ozarboyjon poytaxtida esa arman millatiga mansub shaxs rolini o‘ynashadi. Bunday sinov videolarda Armanistonga borib qolgan ozarni armanilar, Ozarboyjonga borib qolgan armanini ozarlar millatini bilgan zahoti so‘kib, haqorat qila boshlaydi yoki do‘pposlashga urinadi. Bu juda noxush holat. Ikki davlatning bir-biriga munosabatini olov yaqinida qolayotgan poroxli bochkaga o‘xshatish mumkin. Olov yetib borib poroxli bochka istalgan paytda portlab ketishi va ko‘pchilikka ziyon yetkazishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘ tarixi

Tog‘li Qorabog‘ning uzoq asrlik tarixi bor. Bu o‘lka o‘z vaqtida Saljuqlar, keyinchalik turkmanlarning Oq quyunli, Qora quyunli urug‘lariga, undan so‘ng Temuriylar ixtiyoriga o‘tadi. Amir Temur ham Qorabog‘da bo‘lgan va bu tog‘li o‘lkaning ob-havosi unga juda ma’qul kelgan. Amir Temur 1399 yilning qishini aynan Qorabog‘da o‘tkazadi. Keyinchalik Erondagi Safaviylar davlati, undan keyin Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kiradi. 19 asrga kelib Usmoniylar imperiyasi bilan Rossiya imperiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushlardan so‘ng bu o‘lka Rossiya imperiyasi tarkibiga kiradi.

Bu o‘lkaga tarixan kimlar egalik qilgani bugun unchalik muhim emas aslida. O‘rta asrlarda dunyo batamom o‘zgarib ketdi va oqibatda kimlardir o‘z yeridan ayrildi, kimlardir yangi yerlarga ega bo‘ldi. Eng muhimi shundaki, XX asrning 90-yillarigacha Kavkazda yashaydigan millatlar o‘rtasida jiddiy dushmanlik bo‘lmagan. Ammo til boshqa, e’tiqod boshqa bo‘lgani uchun aloqalar uncha yaxshi ham emasdi. Ikki millat o‘rtasidagi keskinlik tarixi 1987 yilga borib taqalsa ham, balki bu keskinlik avvaldan bo‘lgan-u sovetlarning temir qonunlari tufayli bosh ko‘tarmay kelgandir.