O‘zbekiston | 08:29 / 29.07.2020
2624
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlari jarayoni takomillashtiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yanada takomillashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2021 yil 1 yanvardan:

qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillari, loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining xarid tartib-taomillarida belgilangan malaka talablariga muvofiqligini baholashda ularning elektron reytingi ma'lumotlaridan foydalanish va boshqa elektron tizimlar bilan integratsiyalash imkoniyatini hisobga olgan holda, elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi;

qurilish sohasidagi, jumladan, obektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash ishlari bo‘yicha xarid qilish tartib-taomillarini tashkil qilish va o‘tkazish, shuningdek, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlashda xarid hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha jarayonlari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni va “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq elektron shaklda amalga oshirilishi ta'minlanadi;

budjet buyurtmachilarning tanlov orqali amalga oshiradigan davlat xaridlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2021 yil 1 yanvarga qadar davlat xaridlari sohasidagi maxsus axborot portali operatorlari bilan birgalikda maxsus axborot portalida qurilish sohasida davlat xaridlarini elektron shaklda o‘tkazishni nazarda tutuvchi alohida sahifa yaratish;

to‘rt oy muddatda davlat xaridlari bo‘yicha barcha ma'lumotlarni jamlovchi va tashqi axborot tizimlar bilan o‘zaro elektron hamkorlikni ta'minlovchi Davlat xaridlari markaziy axborot portali dasturiy majmuasini (Markaziy axborot portali) yaratish va uni kuzatuvini ta'minlash choralarini ko‘radi.

Belgilab qo‘yilishicha, nazarda tutilgan Markaziy axborot portalini ishlab chiqish va uni kuzatuvini ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Axborot-hisoblash markazi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xaridlari sohasidagi ma'lumotlar almashinuvini ta'minlash maqsadida Markaziy axborot portali bilan elektron hamkorlikni amalga oshirish choralarini ko‘radi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

agar davlat xaridlari bo‘yicha reja-jadval uch oy oldin maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan bo‘lsa, boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlarni yetkazib berish muddati yetti kundan kam bo‘lmasligi kerak;

agar xarid qilish tartib-taomillarini elektron do‘kon yoki boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi tomonidan taklif qilingan narx davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan narxdan yoki boshlang‘ich narxdan 15 va undan ortiq foizga past bo‘lsa, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi ofertaning yoki e'lonning narxi va taklif etilgan narxning farqi miqdoridagi qo‘shimcha zakalatni xarid predmetining har bir birligi uchun oldindan kiritishi shart, biroq bunda agar ofertaning yoki e'lonning narxi bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan oshmaydigan hollarda qo‘shimcha zakalat summasi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmasligi kerak;

2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xaridlari ijrochisining ta'sischilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlari o‘rtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid