Jahon | 22:39 / 30.07.2020
84398
6 daqiqa o‘qiladi

«Vagner»? U nima o‘zi?» – Kreml Minskda qo‘lga olingan rossiyaliklar haqida. To‘liq rasshifrovka

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Belarus poytaxti Minskda qo‘lga olingan rossiyaliklar haqidagi savolga javob qaytardi.

Foto: Seth Wenig / AP

Bu borada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Peskov qo‘lga olinganlar Rossiya fuqarolari bo‘lganini tasdiqladi: «Bilasizmi, biz bu borada to‘liq ma'lumotga ega emasmiz. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, Rossiyaning 33 fuqarosi Belarusda qo‘lga olingan va yana 200 kishi qidiruvda. Rossiyaliklar qo‘lga olishga sabab bo‘ladigan qandaydir harakat qilgani haqida ma'lumotga ega emasmiz.

Biz ham Belarus rasmiylarining bu rossiyaliklar mamlakatda prezidentlik saylovlari oldidan vaziyatni izdan chiqarishda aloqadorligi haqida gaplarini eshitdik. Bu borada qo‘shimcha ma'lumotga ega emasmiz. Bugun bizning elchi TIV va Belarusdagi hamkasbi bilan bu borada gaplashadi. Rossiya fuqarolarining huquqlari qonun doirasida himoya qilinishiga umid bildiramiz.

Bu qandaydir tashkilot vakillari va ular Rossiya tomonidan yuborilgani haqida gapirilmoqda. Lekin bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas. Rossiya va Belarus ittifoqchi davlatlar, yaqin ittifoqchilar».

Peskov Rossiya va Belarus prezidentlari o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tishi mumkin yoki yo‘qligi haqida savolga javob berdi: «Hozircha rejada bunday gap yo‘q. Minsk va Moskva o‘rtasida juda ko‘p aloqa kanallari bor, xususan huquq-tartibot organlari o‘rtasida ham. Mana shu kanallar vaziyatni o‘zaro muhokama qilishlari yetarli bo‘ladi».

«Kommersant' FM» radiosi muxbiri Peskovga bu ishlarning saylovga qanchalik aloqasi borligi haqida savol berdi. Kreml matbuot kotibi esa ekspertlar vaziyatdan xabardor emasligini aytdi: «Bir narsani tushunishingiz kerak, ekspertlar vaziyat haqida hech narsa bilmaydi-ku. Hali biz to‘liq ma'lumotga ega emasmiz, ekspertlarning umuman hech nimadan xabari bo‘lmasa kerak. Shu bois bu masalada ehtiyot bo‘lib gapirish kerak».

Peskovdan qo‘lga olinganlar Donbassdagi janglarda qatnashgani va ularning yarmi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi vakillari ekani haqida so‘rashdi: «Belarus OAVida qo‘lga olinganlarning yarmi «Vagner»ning yollanma jangchilari ekani haqida yozildi. Aytingchi, Rossiyada «Vagner»ni Donbassdagi harakatlari uchun ta'qib qilishmaydi?».

Peskov bu savolga kutilmagan tarzda javob qaytardi: «Tushunarli. Aytingchi, «Vagner» nima o‘zi? Rossiyada yuridik jihatdan, de-yure XHK «Vagner» degan tushuncha yo‘q. Xususiy harbiy kompaniya nima u o‘zi? Masalan, xususiy qo‘riqlash korxonasi bor. Ammo Rossiya qonunchiligida xususiy harbiy kompaniya degan tushuncha yo‘q».

Matbuot anjumanining qolgan qismi qisqa savol va javoblar ko‘rinishida o‘tdi.

«Exo Moskva»: Siz de-yure bunaqa narsa yo‘q deyapsiz, lekin aslida Rossiyada ayni damda xususiy harbiy kompaniyalar faoliyati sir emas. Yoki Kreml bunday kompaniyalar mavjudligini sezmayaptimi?

Peskov: Shaxsan men xususiy harbiy kompaniyalar mavjudligi haqida bilmayman. Bu haqda menda ma'lumot yo‘q.

«Exo Moskva»: Belarusda esa shaxsan mamlakat prezidentining o‘zi Rossiyada joylashgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniya haqida gapirdi.

Peskov: Shuning uchun ham biz bu haqda ma'lumot kutyapmiz.

«Exo Moskva»: Demak, Belarus tomoni mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi kanallar orqali Rossiya tomoniga bu borada hech qanday ma'lumot yetkazmagan?

Peskov: Bu borada yuqorida aytilganidek elchimiz muloqot olib boryapti. Shu bois hozir biror nima deya olmayman.

«Exo Moskva»: Rossiya tomoni bu bir xil kiyimdagi odamlar Belarus hududida nimalar bilan shug‘ullangani haqida ma'lumotga egami?

Peskov: Tushuning, Kremlda bu haqda hech qanday ma'lumot bo‘lishi mumkin emas. Rossiya va Belarus fuqarolari bemalol ikki mamlakatda ham yura olishadi. Rossiya hududida ham bir xil kiyingan, o‘zini noodatiy tutadigan, alkogol iste'mol qilmaydigan (Minsk yaqinida qo‘lga olingan 33 nafar rossiyalikka aynan shunday ta'rif berilgandi) ko‘plab belaruslarni uchratishingiz mumkin. Ammo bu ular qandaydir noqonuniy ish bilan shug‘ullanishyapti degani emas. Shu uchun biz ham fuqarolarimiz Minskda nima qilgani, u yerda nima bilan band bo‘lgani haqida ma'lumot kutyapmiz.

UNIAN: Bu insonlar qo‘lga olinishining asosiy sababi Donbass va Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani. Nega bu odamlar harbiy harakatlarda qatnashgani uchun qonunga muvofiq ta'qib etilmaydi?

Peskov: Siz aftidan mendan ko‘proq ma'lumotga egasiz. Menda ular nega qo‘lga olingani haqida ma'lumot yo‘q.

UNION: Mayli, ular nega Rossiyada ta'qib qilinmayapti?

Peskov: Nima uchun ta'qib qilish kerak?

UNION: Donbassdagi harbiy harakatlarda qatnashgani uchun.

Peskov: Ular bunday harakatlarda qatnashganini sizga kim aytdi? Menimcha, bu borada aytishim mumkin bo‘lgan hamma narsani aytdim.

«Exo Moskva»: Zaxar Prilepin qo‘lga olinganlar orasida o‘z vaqtida u bilan birga Donbassda jang qilgan odamlar ham borligini aytdi.

Peskov: Buni inobatga olamiz.

Mavzuga oid