O‘zbekiston | 20:00 / 31.07.2020
134657
4 daqiqa o‘qiladi

Musa Yerniyazov vafot etdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalinish oqibatida 73 yoshida vafot etdi.

O‘zA saytida bugun Nukusda taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Yerniyazov Musa Tajyetdinovich 73 yoshida vafot etgani haqida rasman xabar berildi.​​ Bu ma'lumot avvalroq Kun.uz manbalari tomonidan tasdiqlangandi.

Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida iyul oyi boshida xabar tarqalgandi. 18 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi u Nukus shahrida koronavirusdan davolanayotganini tasdiqladi.

25 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Musa Yerniyazovning vafoti haqida xabarlar tarqalgan, ammo SSV bu ma'lumotni rad etgandi.

30 iyul kuni Koronavirusga qarshi kurashish shtabi Yerniyazovning ahvoli og‘irligi, u o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatiga ulangani haqida ma'lum qilgandi.

Musa Yerniyazov 1947 yil 20 dekabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarini bitirgan. 2019 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

1983–1989 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 1989–1990 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakili sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2000–2001 yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001–2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

2002 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining konstitutsiyasi 80-moddasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti roziligi bilan Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Jo‘qorg‘i Kengesining vakolati muddatiga saylanadi.

Mazkur konstitutsiyaning 83-moddasi, 2-qismiga ko‘ra Jo‘qorg‘i Kenges raisi shaxsiy arizasi, shuningdek betobligi sababli o‘z vazifasini bajara olmasligi Jo‘qorg‘i Kenges tuzgan tibbiy komissiyasi xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda, o‘z vakolatini to‘xtatishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining vakolatini to‘xtatish haqidagi qaror Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Bu holda o‘n kun muddat ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yangi raisining saylovi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid