Sport | 23:23 / 17.08.2020
45006
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Qurbonov va Otabek Umarov MMA sportchilari bilan uchrashdi

Foto: O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi va MMA assotsiatsiyasining sobiq rahbari Otabek Umarov 14 avgust kuni asosiy ish faoliyatiga ko‘proq diqqat qaratish maqsadida ushbu lavozimlarni tark etganini ma'lum qilgan edi. Uning o‘rniga Triatlon federatsiyasiga Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, MMA assotsiatsiyasiga esa mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rais etib saylandi.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda bir necha nafar aralash jang san'ati ustalarining videomurojaati tarqaldi. Unda sportchilar Otabek Umarovdan assotsiatsiya rahbarligini tark etmaslikni so‘ragan. Buning ortidan ayrim manbalarda 17 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgani va Otabek Umarov MMA assotsiatsiyasi rahbarligiga qaytgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston aralash jang san'atlari assotsiatsiyasi vakillari bilan bog‘landi.

Ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham bugun, 17 avgustda Milliy olimpiya qo‘mitasida Otabek Umarov, MMA assotsiatsiyasining yangi prezidenti Bahodir Qurbonov, sportchilar, murabbiylar va ZOOM dasturi orqali viloyat bo‘limlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuvda Otabek Umarov 14 avgustdagi intervyusida ham ta'kidlab o‘tganidek, O‘zbekistonda MMA sporti rivojini va assotsiatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytib, jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga Bahodir Qurbonov rahbarligida erisha olishiga ishonch bildirgan.

Shuningdek, xabar qilinishicha, MMA assotsiatsiyasi rahbariyatida o‘zgarish ro‘y bermagan – birinchi vitse-prezident sifatida Sherzod Tashmatov, vitse-prezident lavozimida Murod Xonto‘rayev, ijrochi direktor sifatida Zafar Qahramonov faoliyat olib boradi.

Mavzuga oid