O‘zbekiston | 17:53 / 05.09.2020
56036
3 daqiqa o‘qiladi

Bugundan bir qator obektlar faoliyatiga ruxsat berildi

O‘zbekistonda bugundan boshlab qator faoliyat turlariga ruxsat berildi. O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi shu haqda qaror qabul qilgandi.

5 sentyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda ushbu obektlar quyidagi sanitari talablariga rioya etishi talab etiladi:

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash;
  • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish.

Shuningdek, tomosha va madaniy-ko‘ngilochar obektlar (faqatgina teatr va kinoteatr) faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda ushbu obektlar ayrim sanitari talablariga rioya etishi talab etiladi:

  • obektning havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish;
  • tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirish hamda tibbiy niqobda bo‘lish (zarur hollarda tadbir 2 soatdan ziyod davom etganda niqobni bepul almashtirish);
  • obektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “to‘shaklar”, antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir tashrif buyuruvchilarning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda kiritmaslik;
  • har bir seansdan keyin o‘rindiq va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi.

Parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyati ham tiklanmoqda. Ushbu obektlar ham qator sanitariya qoidalariga rioya etishi talab etiladi:

  • tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda navbatda turishini ta'minlash;
  • attraksionlarning yuza qismini har soatda yoki har bir foydalangandan so‘ng dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • attraksiondan foydalanishda ijtimoiy masofani saqlash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish (yopiq binolardagi attraksionlar faoliyati uchun).

Mavzuga oid