Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning sobiq advokati uni gangster va irqchi deb atadi: uning kitobida yana qanday ayblovlar bor?
AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq advokati Maykl Koen «Xiyonatkor: xotiralar» nomli kitob yozdi.
Koen bu kitobni Trampning prezidentlik kampaniyasida aniqlangan qoidabuzarliklarda ayblangani sabab qamoqxonada jazoni o‘tash davrida yozgan. Kitobni bugun AQShda savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Koen o‘z kitobida Tramp o‘zini gangster kabi tutganini va «qora tanlilarga nisbatan salbiy qarashlarga egaligi»ni ta'kidlagan. Kitobdagi ayblovlar orasida Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli lideri Nelson Mandela va Lotin Amerikasining tub ahlolisi haqida Tramp tomonidan irqchilik bilan yo‘g‘rilgan fikrlar bildirilgani ham o‘rin olgan.
Kitobning ba'zi qismlari matbuotga sizishi ortidan Oq uy ushbu ayblovlarni rad etib chiqdi va Koen yolg‘on gapirayotganini ma'lum qildi.
«Koen – sharmandali jinoyatchi va Kongressga yolg‘on gapirgan, advokatlar assotsiatsiyasidan haydalgan advokat... Barcha ishonchni yo‘qotgan kishidir. Yolg‘onlarini pullash uchun harakat qilayotganini ko‘rish ajablanarli emas», dedi Oq uy matbuot kotibi Keyli Makenani hafta oxiridagi bayonotida.
Koen o‘z kitobida qamoqqa tushishiga sabab bo‘lgan jinoyatlarda «Tramp ham aybdor» ekanini da'vo qildi.
U kitobda AQSh prezidentini «firibgar, yolg‘onchi, hiylakor, bezori, irqchi tajovuzkor va ko‘zbo‘yamachi» deb ta'riflagan va u «to‘da rahbari» mentalitetiga egaligini ta'kidlagan.
Koenning kitobida yana qanday da'volar mavjud?
Qora tanlilar va Mandela
BBC/72 FILMS/MEDIA24/GALLO IMAGES/GETTY IMAGES
«Tramp, qoida tariqasida, musiqadan tortib madaniyat va siyosatga qadar qora tanlilar haqida har doim salbiy fikrlarni bildirgan», deb yozadi Koen o‘z kitobida.
Uning aytishicha, Tramp Mandela haqida «hatto u yetakchi ham emas» degan.
Kitobda Tramp suhbat chog‘ida «Menga qora tanli rahbar tomonidan boshqariladigan, ammo hojatxonasi bo‘lmagan bir mamlakatni ayt. Ularning hammasi ham hojatxona singari joylar», deb aytgani da'vo qilingan.
Ma'lumot uchun, 2018 yilda Oval idorada qochoqlar masalasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Tramp ba'zi Afrika mamlakatlarini «hojatxona» deb ta'riflagani aniqlangan va bu katta munozaralarga sabab bo‘lgandi. Tramp o‘shanda irqchi emasligini aytib, o‘zini himoya qilgandi.
Obama
Koenning ta'kidlashicha, Tramp o‘zidan avvalgi prezident Barak Obamaga qarshi «nafrat bilan to‘la bo‘lgan va uni haqir ko‘rgan».
Kitobda Tramp «The Apprentice» («Shogird») teleko‘rsatuvida qatnashgan payt o‘zini Obamaga o‘xshatgan qora tanli odamga dastlab tanbeh bergani, so‘ngra esa uni ishdan bo‘shatgani aytiladi.
Kitobda keltirilgan ushbu voqeaga tegishli deb taxmin qilingan video AQSh matbuotida namoyish etildi. Ta'kidlanishicha, ushbu video 2012 yilda Respublikachilar partiyasining Milliy Kongressi uchun suratga olingan, ammo hech qachon efirga uzatilmagan.
Lotin amerikalik saylovchilar
Koenning da'volariga ko‘ra, Tramp yana bir suhbat paytida «hech qachon kelib chiqishiga ko‘ra Lotin Amerikasiga mansublarning ovozini ololmasligi, ular xuddi qora tanlilar singari Trampga ovoz bermaydigan darajada ahmoqligi, ular o‘z auditoriyasi emasligi» haqida gapirgan.
Ta'kidlash joiz, Trampning lotin amerikaliklar haqidagi gaplari avval ham bahslarga sabab bo‘lgandi. Tramp 2016 yilgi saylovlarda Meksikadan kelgan muhojirlarni «giyohvand modda sotuvchilari, jinoyatchi va zo‘ravonlar» deb ta'riflagandi.
AQSh prezidenti 2019 yilda Nyu-Meksiko shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa shunday degandi: «Lotin Amerikasiga mansublarni hech kim menchalik seva olmaydi».
Putin
Koen, shuningdek, Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qoyil qolganini ham yozgan.
Kitobda Tramp Putin haqida «butun bir mamlakatni hukmi ostiga olib, uni xuddi Trump Holding singari o‘zining shaxsiy kompaniyasi kabi boshqarishiga hayron qolishi»ni bildirgani aytiladi.
Koenning da'volariga ko‘ra, Tramp 2016 yilgi saylovlarda yutqazadigan bo‘lsa, Rossiyadan moliyaviy manba olish uchun Putinga yaltoqilik qilgan.
Biroq Koen o‘z kitobida saylovdan so‘ng Tramp kampaniyasining «Rossiya hukumati bilan kelisha olmaydigan darajada xaotik va qobiliyatsiz» bo‘lganini ham ta'kidlagan.
Maykl Koen kim?
Koen 10 yildan ortiq vaqt davomida Trampning advokati bo‘lib ishlagan.
AQSh siyosiy doiralarida Trampning advokati bo‘lishidan tashqari, u Trampning «ish bitiruvchisi» sifatida ham tanilgan.
Koen 2018 yilda soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi qonunlarni buzish va rasmiy tergovda yolg‘on gapirishda ayblanib, uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U bir muddat qamoqxonada yotgach, qolgan jazosini Nyu-Yorkda uy qamog‘ida o‘tamoqda.
Ma'lumot uchun, Tramp avvalroq Koenni «kalamush» deb ta'riflagan va uni yolg‘onchilikda ayblagan edi.
Mavzuga oid
21:12 / 18.08.2025
Tramp va Putin uchrashuvi global bozorlarda jiddiy aks-sado bermadi
15:52 / 19.08.2023
Odam tanlamaydigan “huquqiy mashina”. Tramp nega ta’qib qilinmoqda?
15:51 / 14.04.2022
Bayden ortidan Tramp ham Ukrainada tinch aholi o‘ldirilishini genotsid deb atadi
19:04 / 17.03.2022