Jahon | 16:43 / 10.10.2020
186780
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyev qo‘lga olindi

Atamboyev bilan birgalikda uning sobiq tansoqchilari Damir Musakeyev va Kanat Saginbayevlar ham hibsga olingani aytilmoqda.

Foto: Anadolu Agency

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat xavfsizlik qo‘mitasiga tayanib Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.

 Xabarda aytilishicha, u Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirish bo‘yicha jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan.

 Atamboyev bilan birgalikda uning sobiq tansoqchilari Damir Musakeyev va Kanat Saginbayevlar ham hibsga olingani aytilmoqda.

Davlat xavfsizlik qo‘mitasining ma'lumot berishicha, tartibsizliklarning boshqa ishtirokchilarini qo‘lga olish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar namoyishga chiqishgandi. Vaziyat jiddiy tus olib, namoyishchilar Atamboyev saqlanayotgan  Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosining darvozasini sindirib, ichkariga kirishgan va uni ozodlikka chiqarishgan.  

 Ma'lumot uchun, 2019 yil avgustda qo‘lga olingan Almazbek Atamboyev bir qator jinoyatlarda ayblanib, 11 yil-u 2 oy qamoq jazosiga hukm qilingandi. Unga qo‘yilgan asosiy ayblov sifatida kriminal Aziz Batukayevni ozodlikka chiqarish keltirilgandi. 2013 yilda 16 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Batukayev muddati yakunlanmay turib ozodlikka chiqarilgan. Atamboyev prezidentlikdan ketgach, bu ish borasida tekshiruv boshlandi. Atamboyev aybini tan olmagach, harbiylar uning uyiga bostirib kirib, qo‘lga olishgandi.

Mavzuga oid