O‘zbekiston | 10:15 / 11.10.2020
26185
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi vafot etdi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, jurnalist va shoir Sa'dulla Hakimov 69 yoshida vafot etdi.

«O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi uyushma boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va shoir Sa'dulla Hakimov vafot etganini chuqur qayg‘u bilan ma'lum qiladi», deyiladi uyushma matbuot xizmati xabarida.

Marhumning vafoti sababi ma'lum qilinmagan.

Sa'dulla Hakimov 1951 yil 25 martda Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan.

1977 yili O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. «O‘zbekistonda sotsial ta'minot» jurnali mas'ul kotibi, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi bo‘lim mudiri, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi bo‘lim mudiri, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi mas'ul kotibi, «Ma'rifat» gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, «Turkiston-press» nodavlat axborot agentligi bosh direktori, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.

Sa'dulla Hakimov vatan va yurt oldidagi xizmatlari uchun «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni (2002 yil), «Mehnat shuhrati» ordeni (2019 yil) bilan taqdirlangan.

U 2016 yilning 29 dekabridan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid