Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha munosabat bildirdi.
«Mana bir necha kundirki, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq voqealar mamlakatimiz media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida turibdi.
Bu masala bo‘yicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Munosabatlarda bu ishda konstitutsion haq-huquq, haqiqat, adolat, so‘z erkinligiga hurmat va ochiqlik ta'minlanishi lozimligiga da'vat etildi.
Bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journaliss) O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot «agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga raxna soluvchi yana bir harakatdir», deb tashvish bildirdi.
Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar ko‘p. Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotdan so‘ng bahs-munozaralar yanada avj oldi. Bunga ayrim savollar javobsiz qolayotgani sababdir.
Xususan, bozordan tanqidiy material tayyorlayotganda yuz bergan voqea uchun blogerning «tovlamachilik»da ayblangani (blogerning o‘zi ayblovni keskin rad etmoqda) uning oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida bir necha nafar huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan vahima va shov-shuv bilan olib ketilishi uchun yetarlimi?
Biz qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda yashayapmiz. Qonuniy haq-huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni ham e'tirof etamiz. Agar, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ysa, jinoyat sodir etsa, kim bo‘lishidan qat'i nazar, u jurnalist bo‘ladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu noxush voqea bo‘yicha ham shunday fikrda», deyiladi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabatida.
Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy yanvar oyi oxirida tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa olingan edi














