Jamiyat | 13:18 / 27.10.2020
37992
10 daqiqa o‘qiladi

GTL zavodidagi janjal: rejalarni o‘zgartirgan karantin va to‘lgan sabr kosasi

21 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan Uzbekistan GTL zavodi ishchilari ommaviy tartibsizlik keltirib chiqargan edi. Natijada qator mas'ul tashkilotlar rasmiylari voqea joyida bo‘lib, muammoni keltirib chiqargan omillar bartaraf etilishini ma'lum qilishgandi.

Kuni kecha Energetika vazirligi ushbu zavodga OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etdi. Unda korxona rahbarlari holat yuzasidan izoh berdi.

Enter Engineering kompaniyasi ma'muriy direktori Temur Abdullayevning izohlashicha, hodisaga ishchilardagi ruhiy charchoq sabab bo‘lgan.

Temur Abdullayev (chapda) va Faxriddin Abdurasulov (o‘ngda)

«Nima ro‘y berganini hamma bildi, ko‘plab videoroliklar tarqaldi. Haqiqiy sabab nimadaligini kerakli organlar aniqlaydi. Agar bizning fikrimiz so‘ralsa, bunga insonlarning ruhan charchagani sabab bo‘ldi, deymiz.

Odamlar yozgi karantinning murakkab davrini boshidan kechirdi. Pandemiya davrida umumiy asabiylik bor edi. Kasallik tez tarqala boshladi, butun dunyo bo‘ylab OAVlarda yoppa xabarlar hujumi bo‘ldi. O‘zbekistondagi yo‘llar yopildi, odamlar ishsiz qolishdi.

Iyul oyida qurilish maydonchamiz bo‘shab qoldi. Hozir ko‘pchilik bilar, bu yerda bor-yo‘g‘i 800 kishi qoldi. Odamlar uyida, ishsiz, maoshsiz qolishdi.

Ehtimolli sabab haqida bizning fikrimiz haqidagi savolga o‘tsak. Yuqorida aytganimdek, bunga ruhiy charchoq sabab bo‘lgan. Karantinda 8-10 kun bo‘lib turib, shundan so‘ng qurilish maydonchasiga ishga chiqib yana ish kunlari ishlashgandan so‘ng ularning vaxtasi cho‘zilib ketdi. Lekin bu majburiy chora edi. Tabiiyki, ayrim kimsalar bu yerda 40-45 kunlab yashashga majbur bo‘lgan. Bu albatta og‘ir.

Bu voqeaning sodir bo‘lishi baribir texnik muammo hisoblanadi, u jiddiy emas, ko‘lamli emas. Bu muammo ichki portlashni keltirib chiqardi. Odamlarning sabr kosasi to‘ldi. Sabr kosasiga so‘nggi tomchi tomsa, u toshib chiqadi. Bu yerda xuddi shu narsa sodir bo‘ldi», – dedi Temur Abdullayev.

Ishchilar hujumiga uchragan Enter Engineering kompaniyasi ofisi tartibga keltirilgan. Bu yerda ish avvalgidek bir maromda ketmoqda.

Ma'lum qilinishicha, pandemiya sharoitida ishni tashkil qilish uchun zavodda kuchaytirilgan vaxta rejimiga o‘tilgan.

«Avgust oyida zavodda ishni tiklaganimiz, odamlarni ishga qaytara boshlaganimizdan so‘ng karantin choralari tizimi joriy etildi. Qurilish maydoniga ishga kelish uchun biz bu yerni «tozaladik», kasallik yuqtirganlardan xoli «yashil zona» yaratdik», – dedi Enter Engineering kompaniyasi ma'muriy direktori Temur Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodda laboratoriya tashkil etilib, ishchilar PZR testdan o‘tkazilgan, ular bir muddat karantinda saqlangach, ish jarayoniga qo‘yilgan. Shu sabab ishchilarning zavodda bo‘lish muddati 45 kungacha cho‘zilgan.

«PZR va antitanachalarni aniqlashga doir testlar tekin o‘tkazildi. Va xodimlar karantinda bo‘lgan chog‘da ham ularga maosh yozildi.

Ma'lumot sifatida bir nechta raqam keltirib o‘taman: pandemiya boshidan kechagi kungacha biz 43 mingta PZR tahlillarini o‘tkazdik. O‘rtacha har bir odamga 2,5 ta tahlil to‘g‘ri keladi. Enter Engineering kompaniyasi laborator tahlillarning o‘ziga 7,5 milliard so‘m sarfladi», – dedi Abdullayev.

«Uzbekistan GTL» MChJ bosh direktori Faxriddin Abdurasulov zavodda kasallik urchigan vaqtda 800dan ziyod ishchida koronavirus aniqlangani, ular ham zavod hisobidan davolanganini qo‘shimcha qildi.

Ma'lum qilinishicha, ayni damda zavodda 12 mingdan ziyod ishchi ishlamoqda. Ularning ichida xorijliklar ham bor. Bosh pudratchi Enter Engineering bo‘lsa, subpudratchilar bilan qo‘shib hisoblanganda kompaniya va firmalar soni 13 ta.

Ularning orasida ishchilarga maosh bermaydiganlari ham bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, ana shunday firmalardan biri – «Yes» mahalliy hamda bangladeshlik ishchilarni ishsiz va maoshsiz qoldirgan.

«Yes kompaniyasi pudratchilarimizdan birining subpudratchisi edi. Bizdagi aniq axborotga ko‘ra, Yes kompaniyasi bo‘nak sifatida pul olgan va oxirigacha ishlab bermagan, pulni so‘ndirmagan va pandemiya boshlanishida kompaniya rahbariyati qochib ketgan.

Mahalliy va xorijiy ishchilarning bir qismi ishsiz qolib ketgan. Shunchaki, ularni ishsiz qoldirib, GTL hududida taqdir hukmiga tashlab ketishgan. Yes'ning barcha yaxshi mutaxassislari, ishchilarining katta qismi Enter Engineering'ga ishga o‘tdi.

Bangladesh fuqarolarini ham ishsiz qoldirishgan. Bangladesh Respublikasidan kelgan 80 nafar ishchi begona mamlakatda ishsiz va maoshsiz qolib ketgan, ish beruvchi yo‘qolgan. Biz elchixona bilan gaplashdik, ular bizdan iltimos qilishdi va bugungi kunda Enter Engineering kompaniyasida ishlashmoqda.

Qolganlarning masalasini Yes rahbariyatidan so‘rash kerak. Umid qilamanki, ular paydo bo‘lishadi va o‘zlari ishga olgan odamlarning maoshlarini to‘lab berishadi», – dedi Temur Abdullayev.

Hozir zavodda ishni tashkil qilish qayta ko‘rib chiqilgan. Temur Abdullayevning aytishicha, qat'iy karantin bekor qilingan. Zavod va pudratchi kompaniya rahbarlari ishchilar bilan suhbatlashishgan, ularning talablari inobatga olingan. Masalan, ishchilarning ovqatlantirish masalasi ham qayta ko‘rib chiqilgan; menyu «kuchaytirilgan».

«Vaziyatni tahlil qildik, o‘rgandik. Ko‘p narsaning tub mohiyatiga yetdik. Bugungi kunda biz quyidagi qadamlarni qo‘ydik:

Bugun ma'lum bir tahdidlarga qaramasdan, karantin to‘liq tugatildi. Biz uni bekor qildik. Faqat qurilishga kirishda PZR-tahlil qoladi. Lekin xodimlarni karantinda saqlaymiz deb vaqt yo‘qotmaymiz.

Vaxtani ham qat'iylashtirdik. 22 ish kuni va 8 kun vaxtalar orasi ta'til kuni bo‘ladi. Ya'ni pandemiyagacha amalda bo‘lgan sharoitga qaytdik.

Ovqatlanish masalasida ham murojaatlar bo‘ldi. Biz uni ham o‘rgandik. Taomlantirish bo‘yicha pudratchilarimiz bilan tushuntirish ishlari olib bordik. Tushlik vaqtida kuchaytirilgan ovqatlanish, qo‘shimcha menyu tashkil etdik. Menyuning o‘zi ham hisobiy qilingan, energetik quvvati 4000 kaloriyadan ziyod», – dedi Abdullayev.

U Enter Engineering maoshlarning kechiktirayotgani yolg‘on axborot ekanini aytib, kompaniya sentabr oyi maoshini ham to‘liq uzib bo‘lganini ta'kidladi.

«Men sharhlarni o‘qib qoldim, biz go‘yoki oylik maoshlarni o‘z vaqtida to‘lamayotgan ekanmiz. Bu xato qarash va yolg‘on. Aslo unday emas. Oy tugagach, dastlabki 15 kun bajarilgan ish hajmi hisoblab chiqiladi. Bu vaqt ichida tabellar yopiladi, mehnat haqi hisoblab chiqiladi. 15-sana soliqlarni yopish kuni. 16-dan 30-sanagacha biz maoshlarni to‘laymiz.

Sentabr oyi maoshiga kelsak, bu oyda ham 1-15 sanada hisob-kitob olib borilgan. 16-dan 30-sanagacha to‘lov. 23-sanagacha sentbyar oyi maoshi to‘liq to‘lab bo‘lingan», – dedi u.

Jurnalistlar kuchaytirilgan vaxta sharoiti mehnat qonunchiligiga nechog‘lik mosligi to‘g‘risida savol berishdi. Temur Abdullayev barchasi qonun doirasida bo‘lganini ta'kidlab, hatto hozir ham ketma-ket ishlab, ko‘proq pul topishni istayotgan ishchilarning o‘zlari taklif bilan chiqib turishganini qo‘shimcha qildi.

Mazkur GTL zavodi – jahonda shu turdagi beshinchi zavod bo‘lishi kutilmoqda. 2017 yilda boshlangan qurilish ishlari ayni paytda 91 foizga yakunlangan. Qurilish dekabr oyida to‘la yakuniga yetishi rejalashtirilgan.

Press-tur davomida ishchilarning ovqatlanish, ishlash va yashash sharoitlari bilan tanishtirildi.

Vaxta shaharchasi komendantlaridan biri Dilshod Hamroyevning aytishicha, bu yerda 12 ming ishchi istiqomat qiladi. Oddiy xonalarda 10 nafar ishchi yashaydi. U xodimlar uchun 3 ta medpunkt, 7 ta oshxona va sport maydonlari faoliyat ko‘rsatayotganini ta'kidladi.

Muxtasar qilib aytganda, zavod rahbarlari va qurilish uchun mas'ullar bunday norozilik o‘tgan 4 yil ichida ilk bor ro‘y berganini ta'kidlab, buni pandemiya sharoitida talablar kuchaytirilgani bois ishchilarda ruhiy bosim kuchaygani bilan izohladi. Oshxonada sanoq olib boruvchi qurilmaning kutilmaganda buzilishi esa sabr kosasiga tomgan so‘nggi tomchi bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Enter Engineering kasaba uyushmasi rahbariyatida o‘zgarishlar qilingan. Zavod pandemiyagacha bo‘lgan ish rejimiga qaytmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid