Jahon | 13:04 / 01.11.2020
9974
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada ilk o‘zbek uyushmasi faoliyat boshladi

31 oktabr kuni Koreya Respublikasining Kvangju shahrida «Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi xodimlari, yuzdan ortiq vatandosh, Koreya Respublikasi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Marosim qatnashchilariga O‘zbekistonning Koreyadagi favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen tabrik yo‘lladi.

«Mazkur uyushmaning faoliyat ko‘rsatish joyi sifatida Kvangju shahri tanlangani bejiz emas. Bu yerda ko‘p sonli vatandoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi, ta'lim oladi, istiqomat qiladi», – deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.

Ochilish marosimida Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi (parlament) a'zolari Yang Hyang Ja, Li Yang Hun, Li Yang Bin, Kvangju shahar meriyasi bo‘lim boshlig‘i Li Bo Gin, Kvangju shahar Inson resurslari rivojlantirish markazi boshlig‘i Chong Ing Hi, O‘zbekiston bandlik va mehnat vazirining faxriy maslahatchisi – Xonam kasb-hunar kolleji direktori Kim Yon-se va «Kimson» advokatlik kompaniyasi markaz direktori Park Son Hu so‘zga chiqib, yangi uyushma faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Uyushmani tashkil etishdan asosiy maqsad – Koreya Respublikasi hududidagi o‘zbekistonliklar: muhojir ishchilar, talaba va o‘quvchilar, tadbirkorlar, doimiy yashaydiganlar hamda boshqa maqsadlarda bo‘lib turgan vatandoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularga favqulodda holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish, tibbiy va yuridik xizmatlar taqdim etishdir.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi «Oltin daftar»iga kiritilgan vatandoshlar soni yuzdan oshgani xabar qilingandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid