Bo‘kalik fermer sudda yutdi. Hokim qarori haqiqiy emas deb topildi
Bo‘kalik fermer Nuriddin Abdug‘afforov tuman hokimi qarori haqiqiy emasligini sudda isbotlab berdi. Bungacha sud ishni 6 marta ko‘rib chiqqan va oradan salkam 2 yil vaqt o‘tgandi.
3 noyabr kuni Toshkent viloyati ma'muriy sudi bo‘kalik fermer ishini appelyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqdi. Bunga qadar, Bekobod tuman ma'muriy sudi uning arizasini qanoatlantirishdan rad etgandi. Appelyatsiya instansiya sudi arizachining shikoyatini qanoatlantirib, tuman hokimi qarorini bekor qildi.
Nuriddin Abdug‘afforov yerlarni optimizatsiya qilish siyosatidan aziyat tufayli yerini yo‘qotdi. Keyinchalik yerini olib qo‘yilishiga asos bo‘lgan tuman hokimining tegishli qarori ustidan prokuratura va sudga shikoyat qildi. Ammo uning o‘tgan ikki yildagi sa'y-harakati samara bermagan.
Fermer o‘zining huquqiy jihatdan haq ekanini ko‘p marotaba isbotlamoqchi bo‘lgan. Masalan, 2019 yil 30 yanvarda Bo‘ka tumani hokimining 182-sonli qarorni qabul qilish uchun O‘zbekiston Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi talabi (Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishida yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish) o‘rnatilgan tartibda bajarilmagan. Fermerdan boshqa maqsad va paytda yerdan ixtiyoriy voz kechish haqida arizasi olingan, ammo bu holatga sudlar huquqiy baho bermay, vajni inobatga olmay kelgandi.
Tuman hokimi qarorida fermer bilan tuzilgan ijara shartnomasi uning yerni ixtiyoriy topshirish to‘g‘risidagi arizasiga binoan bekor qilinishi ko‘rsatilgan. Hukumatning 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra, yerni maqbullashtirish maqsadida tegishlicha olingan ariza tuman hokimi nomiga yoziladi va u uch kunda fermerlar kengashiga taqdim etiladi. Fermerdan olingan ariza ishonchli bo‘lmagani, u hukumat tasdiqlagan nizomda ko‘rsatilgan tartib va taomil bo‘yicha to‘ldirilmagani, shuningdek, belgilangan tartibda fermerlar kengashiga topshirilmagani sudda tasdiqlangan.
Tartibga ko‘ra, fermerlar kengashi arizani o‘rganib, tegishli xulosani tayyorlab, hujjatlarni Yer berish va realizatsiya qilish komissiyasiga yuborishi kerak. Nizom talabiga ko‘ra, komissiya taqdim etilgan hujjatlar asosida fermer xo‘jaligi yer maydonini ixtiyoriylik asosida maqbullashtirish masalasini bir hafta muddatda ko‘rib chiqadi, uning natijasida qabul qilingan komissiya qarori, bayonnoma va fermerlar kengashi xulosasi xalq deputatlari tuman kengashiga yuboriladi. Deputatlar tegishli qarorni qabul qilgach, buni hokimga yuboradi. Fermer Nuriddin Abdug‘afforovning yerlarini tortib olishda amaldagi mana shu tartiblar buzilgan.
Hokimning fermer Nuriddin Abdug‘afforovning ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaroriga Xalq deputatlari Bo‘ka tuman kengashining 2019 yil 30 yanvardagi sessiyasi qarori asos qilib olingan. Ammo sessiyada bu fermerning yer ijara shartnomasini bekor qilishga rozilik berilgan emas, bu masala sessiya kun tartibiga ham kiritilmagandi.
Toshkent viloyati sudi appelyatsiya instansiyasi arizachi va uning manfaatidan sudda hozir bo‘lgan Fermerlar kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov keltirgan vaj va dalillarni o‘rganib chiqib, Bekobod tuman ma'muriy sudi qabul qilgan qarorni bekor qildi. Shuningdek, tuman hokimining tegishli qarori ham haqiqiy emas, deb topildi.
«Nihoyatda hayajon bilan sud qanday qaror chiqarishini kutayotgandim. Sud adolatli qaror chiqardi», — deydi fermer Kun.uz bilan suhbatda.
O‘zbekiston fermerlar kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirovning aytishicha, tuman hokimligi sudning qarorini tan olmasligi qonun buzilishiga sabab bo‘ladi.
«Agar tuman hokimligi sudlar tomonidan qabul qilingan qarorni tan olmasa, ishonchim komilki, qonunlarda sud qarorini bajarmaslik (tan olmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan», — deydi u.
Ma'lumot uchun, sudning apellyatsiya instansiyasida qabul qilingan yangi hal qiluv qarori o‘qib eshittirilgan paytdan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
16:04 / 01.11.2024