Jahon | 08:14 / 15.11.2020
3172
2 daqiqa o‘qiladi

Moldovada prezident saylovlarining 2-bosqichi bo‘lib o‘tadi

15 noyabrda Moldovada prezident saylovlarining 2-bosqichi bo‘lib o‘tadi. Prezident lavozimiga 1-bosqichda eng ko‘p ovoz to‘play olgan nomzodlar – sobiq bosh vazir Mayya Sandu va amaldagi prezident Igor Dodon ishtirok etadi.

Foto: SERGEI GAPON /AFP

Sandu 1-bosqichda ishtirok etgan saylovchilarning  36,16 foizi (487 ming 635 saylovchi), Dodon esa 32,61 foizi (439 ming 866 saylovchi) ovozini olgan. 

So‘rovnomalarga ko‘ra, ikkala nomzod ham g‘alaba qozonishga bir xil imkoniyatga ega. Ular orasidagi farq 3-4 foizni tashkil qilmoqda. Biroq so‘rovnomalarda xorijda beriladigan ovozlar hisobga olinmagan. Sandu 1-bosqichda xorijda berilgan ovozlarning 20 foizini to‘plagan va shuning evaziga 1-o‘rinni egallay olgan.

Mamlakat bo‘ylab soat 7dan 21gacha 2143 ta saylov uchastkasi faoliyat olib boradi. 

1-bosqichda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan moldovaliklarning 48,54 foizi, ya'ni 1 mln 368 mingdan ko‘prog‘i ishtirok etgan. Unda saylovlar bo‘lib o‘tgan deb tan olinishi uchun minimal ishtirok chegarasi umumiy ovoz beruvchilarning uchdan bir qismini tashkil qilgan. 2-bosqichda esa bunday chegara yo‘q.  

Saylovlar pandemiya bilan bog‘liq holda yuqori xavfsizlik choralari ostida o‘tmoqda. Saylov uchastkasida har bir ovoz beruvchiga himoya niqobi beriladi, saylovchilar o‘zlari bilan ruchka olib kelishlari shart. Saylov uchastkasiga kirishda har bir saylovchining tana harorati o‘lchanadi. Uchastka ichiga bir vaqtda ovoz berish kabinasiga teng sonda odam kiritiladi. 

Saylovlar borishi ortidan 2 mingdan ko‘proq mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar nazorat olib boradi. Jamoat tartibini saqlashga 6 ming politsiyachi jalb qilingan.

Saylovlar natijalariga ko‘ra, ikkala nomzod bir xil miqdorda ovoz to‘plasa, unda 1-bosqichda yaxshiroq natija ko‘rsatgan nomzod, ya'ni Mayya Sandu g‘alaba qozonadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid