Talabalar - poytaxtning asl uysizlari
Toshkentdagi asl uysizlar kimligini bilasizmi? Minglab talabalar! Talabalarga vaqtincha yashashlari uchun odatda uy yetishmaydi. Uy bozoriga borsangiz, quyidagi yozilgan so‘zlarga ko‘zingiz tushadi:
«Studenty, privet. Kvartira net».
«Studentga uy berilmaydi».
«Studentam ne sdayu»
Va hokazo...
So‘nggi yillarda ko‘plab uylar qurilmoqda, biroq yil sayin soni keskin o‘sayotgan, tolibi ilm hisoblangan, vatanimiz kelajagi bo‘lgan talabalar uchun davlat tomonidan ham, xususiy sektor tomonidan ham yotoqxonalar barpo qilinmayapti.
Talabalarning ayniqsa azim Toshkentdagi oshib borayotgan soni mavjud uy zaxirasi soniga mutlaqo nomuvofiq. Uzoq viloyatlardan bu yerga kelgan talabalar buning og‘ir shakldagi badalini to‘lashmoqda — arzon va o‘qishiga yaqin bo‘lgan joydan uy izlash yoki u uydan bu uyga ko‘chish bilan vaqtlarini o‘tkazishmoqda.
Ijara narxi baland
Uy bozori turli sabablarga ko‘ra talabalarni kamsitadi — uy egalari talabadan ko‘ra oilali va ishli ijarachilarni afzal bilishadi. Pandemiya tufayli masofali ta'limga o‘tilgani bois uylar bo‘shagani rost, biroq bu vaqtincha — pandemiya tugagach, yana eski holatga qaytiladi.
Toshkentda talabalar turar joy muammosi quyidagi omillar sabab jiddiy tus olmoqda:
Oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari 2016 yildan buyon shu kungacha deyarli ikki barobar oshdi;
- poytaxtda yangi universitetlar ochildi, ochilmoqda;
- respublikadagi OTMlarning yarmidan ko‘pi Toshkentda joylashgan;
- yangi tashkil etilayotgan nodavlat OTMlar faqatgina o‘quv binosigagina ega bo‘lib, yotoqxonalarga ega emas;
- mavjud OTMlar o‘z talabalarining deyarli 10 foizini ham yotoqxona bilan ta'minlash quvvatiga ega emas.
Mavjud va ochilayotgan OTMlarning qanchasi o‘z talabalarini yotoqxona bilan ta'minlayapti?
Ko‘pchilik universitetlar shahar markazida joylashgani uchun ularning atrofidagi uylar ham, tabiiyki, qimmat. G‘arbda esa, masalan, asosiy kampuslar shaharlar chetida bo‘ladi, toki, talabaning fikri chalg‘imasin, yotoqxona qurish oson bo‘lsin yoki arzon uy topish osonlashsin.
Bizda esa unday emas — o‘n minglab talabalar uy-joy muammosidan, beqarorlikdan, kamsitilish va nochorlikdan aziyat chekmoqda.
Bunga tezroq yechim topish zarur
Universitetlar yotoqxonalarini ko‘paytirishi bilanmi yoki xususiy sektor imkon qadar ko‘proq talabalarni yotoq bilan ta'minlay oladigan ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish bilanmi, bu masala hal etilishi kerak.
Yoki bu maqsadlar uchun alohida investitsion dasturlar ishlab chiqib, investorlarni jalb qilib bo‘lsa-da, universitetlar atrofida yotoqxonalar barpo etish zarur.
Keyingi yillarda uysozlik (yangi uy-joy qurish va sotish) sohasida birmuncha masofa bosib o‘tildi. Bu yaxshi. Ammo jamiyatning eng yordamga muhtoj, shu bilan birga kelajak uchun muhim qatlami — talabalar chetda qolib ketmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, talabalarning qayerda yashashi masalasi ularning o‘zlariga tashlab qo‘yilgan.
Rivojlangan dunyoda-chi?
Misol uchun, Yaponiya universitetlarida 3 millionga yaqin talaba bor, ular ko‘chmas mulk bozori uchun jozibali mijoz hisoblanadi. Yaponiyada bir kishilik «talabalar uylari» juda keng tarqalgan.
Bularni davlat ham, universitet ham qurmaydi — xususiy firmalar quradi.
Kichik va tor bo‘lsa-da, barcha sharoitlar bo‘lgani uchun, bunday uylarga talabalar tez ko‘nikadi. Asosiysi, talabalarni turar joy yetishmasligidan kelib chiquvchi beqarorlik va bir uyda haddan ziyod ko‘pchilik bo‘lib turish kabi muammolar qiynamaydi. Ular ilm olishdan chalg‘imaydi.
Toshkent shahri mutasaddilari ham OTM rahbarlari, xususiy sektor va banklar bilan birgalikda bu masalada kompleks yechim choralarini topishlari, chet el tajribalarini qo‘llashlari lozimdek ko‘rinmoqda.
Ijaraga qo‘yiladigan uylar haqida yetarlicha ma'lumot beruvchi onlayn platformalarni ham shakllantirish lozim bo‘ladi.
Xullas, talabalarga turar joy muammosidek «dushman»ga qarshi turishda yordam berish kerak. Toki ular ortiqcha tashvishlarsiz, xotirjam ravishda asosiy e'tiborlarini ta'lim olishga qarata olsinlar.
Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya)
Biznes huquqi fakulteti professori,
«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi.
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024