O‘zbekiston | 17:55 / 18.11.2020
36144
7 daqiqa o‘qiladi

Maqsud Yo‘ldoshev «Obqochishga majburmiz» degan so‘zlariga izoh berdi

Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yo‘ldoshev Qonunchilik palatasi majlisida ro‘y bergan holat yuzasidan Kun.uz muxbiri bilan suhbatda deputatlarga bergan hisobotida yolg‘on yo‘qligi, barcha so‘zlarini asoslab bera olishini aytdi, ammo o‘sha vaqtda telefonda tanishi bilan nima mavzuda gaplashganini va «Obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz?», deganda nimani nazarda tutganini ayta olmadi.

Kun.uz muxbiri Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yo‘ldoshev bilan Qonunchilik palatasi majlisida ro‘y bergan holat yuzasidan suhbatlashdi.

– Parlament majlisidagi holat qanday sodir bo‘ldi?

– Bugun soat 10dan boshlab bir vaqtning o‘zida ikkita videokonferensiyada qatnashishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Shogirdimiz ilmiy ishini himoya qilayotgandi. Bizda ilmiy kengash bor doktorlik ishlari bo‘yicha. Bitta kompyuterda ilmiy kengashning yig‘ilishiga ulangan bo‘lsam, ikkinchisida parlament majlisini kuzatib bordim.

Yig‘ilishlarda xonadan o‘tirib qatnashgandan keyin parallel ravishda boshqa ishlarniyam bajarib ketaverasiz-da. Qonunchilik palatasi majlisida deputatning savoliga javob bergandan so‘ng kamerani o‘chiribman-da, mikrofonni o‘chirish yodimdan chiqibdi.

Shu payt tanishimdan qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Mikrofon yoniq bo‘lgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda ushbu muloqotimizning bir qismi eshitilgan. Telefondagi so‘zlashuv shaxsiy muloqot bo‘lib, buning deputatlar savoliga bergan javoblarimga hech qanday aloqasi yo‘q.

Deputatlarga bergan har bir javobim asosli, bu tizimda bo‘layotgan narsa. Masalan, oktabr–noyabr oylarida 1700ta bitim imzolandi deganlarim, davlat xususiy sherikchilikka yo‘naltirilgan mablag‘lar, bular hammasi amaliyotda bo‘lib kelayotgan narsalar. Telefondagi suhbat paytida aytilgan gapimizga bularning umuman aloqasi yo‘q. Agar kimdadir bunga shubha bo‘ladigan bo‘lsa, deputatlarga bergan javobimda aytgan ma'lumotlarimning barchasini asoslab, isbotlab berolaman.

– Demak, «Obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz?», degan so‘zlaringiz Oliy Majlisdagi chiqishingizga aloqador emas, shundaymi?

– Ha, bu so‘zlarning deputatlarga berilgan hisobotga hech qanday aloqasi yo‘q. Masalan, men o‘sha yerda moliyalashtirilmagan bitimlarga qayerdan resurs kelishi to‘g‘risidayam gapirdim. Jumladan, Saudiya rivojlantirish fondi 11 mln dollar ajratmoqda. Bu bor narsa. Bitimlar allaqachon kelishilgan. Moliya vazirining o‘rinbosari hukumatdan mas'ul qilib belgilangan. Bitim Saudiya fondi tomonidan imzolangandan keyin yil yakunigacha 11 mln dollar keladi. Bu fakt. Shu sababli telefondagi suhbatda aytilgan jumlalarni biz bergan hisobotga bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri bo‘ladi.

Xuddi shuningdek, Moliya, Investitsiya va Tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorliklar Kuvayt fondidan yoki Islom taraqqiyot banki bilan amalga oshirilmoqda. Aynan davlat xususiy sherikchilikka ular investitsiya ajratishga rozilik bildirgan. Lekin bu borada ma'lum bir protsedura bor. Bu mablag‘ bizga kelguncha hukumatlar o‘rtasida imzolanadigan hujjatlar bor. Bu jarayonlar oxiriga yetishi bilan pul keladi. Shuning uchun men aytdimki, shu mablag‘lar yetib kelgandan keyin qolgan tadbirkorlarga bosqichma-bosqich beriladi.

«Assalomu alaykum, Xurshid aka» deb gap boshlagansiz. Xurshid aka kimligini ochiqlay olasizmi?

– Xurshid aka deb murojaat qilgan odamim do‘stim, o‘zim tengi o‘rtog‘im. O‘rtamizda telefon orqali kechgan muloqot o‘ta shaxsiy masala bo‘lgani uchun nima masalani gaplashganimizni ochiqlay olmayman.

«Obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz?», deganda nimani nazarda tutgansiz? Hech bo‘lmasa shuni bilsak bo‘ladimi?

– Bu yerda gap umuman boshqa voqea haqida. Buni parlament majlisidagi chiqishimga bog‘lashning keragi yo‘q. Buni ochiqlashning imkoni yo‘q, chunki bu shaxsiy munosabat doirasidagi muloqot. Shu sababli men iltimos qilgan bo‘lardim, agarda kimda deputatlarning savollariga berilgan javoblarga shubha bo‘ladigan bo‘lsa, xohlagan paytda bergan javoblarim yuzasidan murojaat qilishlari mumkin, biz yozma tarzda ham yoki ko‘rishib ham har bir aytilgan ma'lumot amaliyotda bo‘layotganini, haqiqatda sohada yo‘lga qo‘yilayotganini ko‘rsatib bera olamiz.

Mana, respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq oilaviy bog‘chalar ochilgan. Istalgan tumanga borib, ushbu raqamlar haqiqatga qanchalik mosligini ko‘rsatib berishimiz mumkin. 1100dan ortiq tadbirkorlar imtiyozli kreditlarni olib faoliyatini boshlagan, biz joyma-joy hamma oilaviy bog‘chalarga olib borib, amalda qilingan ishlarni ko‘rsatib bera olamiz. Ya'ni deputatlarga berilgan javobimda hech qanday yolg‘on ishlatilgani, gap olib qochilgani yo‘q.

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 9 oydagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda, jumladan, O‘zbekiston maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yo‘ldoshev davlat-xususiy sherikchiligi to‘g‘risidagi savollarga javob qaytargan. Shundan so‘ng deputat Doniyor G‘aniyev savol berayotgan paytda vazir o‘rinbosari mikrofonni o‘chirishni unutgan. Majlis Youtube orqali jonli efirga uzatilayotgan bo‘lgan.
  • Maqsud Yo‘ldoshev o‘sha paytda qo‘ng‘iroq qilgan Xurshid ismli shaxsga javob berar ekan, «Obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz?», degan so‘zlari to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga ketgan. Yo‘ldoshev bunda deputatlarning savollariga bergan o‘z javoblarini nazarda tutgani taxmin qilindi. 
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev vazir o‘rinbosarining bu xatti-harakatiga shunday munosabat bildirgan. «Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari o‘zi bilmagan holda ish tizimi bo‘yicha bor haqiqatni ochib qo‘ydi: tizim olib qochishga moslashgan. Bugun deputatlarni aldab olib qoching, ertaga Prezidentni aldab olib qoching, keyin xalqni aldab olib qoching», degan u.
  • Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva ham holat yuzasidan izoh berib, vazir o‘rinbosarining telefon orqali so‘zlashuvi mazmuni deputatlarga berilgan javobga aloqasi yo‘qligini ta'kidlagan, ommaviy axborot vositalari vakillaridan turli ehtimollarga asoslangan fikrlarni ilgari surmasliklari va vaziyatga to‘g‘ri baho berishlarini so‘ragan edi.

Mavzuga oid