O‘zbekiston | 10:28 / 01.12.2020
4696
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda sodir bo‘lgan gaz portlashi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyat prokuraturasi Yangiyo‘l tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan gaz portlashi holati yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

2020 yil 30 noyabr kuni soat 07:42larda Yangiyo‘l tumani, Qirariq MFY, Istiqlol ko‘chasi, 80-uyning yer ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuridan sizib chiqqan is gazi xonadonga tarqalib, havo aralashmasi bilan qo‘shilib, xonadon elektr chirog‘ini yoqilishi natijasida portlash sodir bo‘lgan. 

Oqibatda, shu xonadonda yashovchi S.I. va uning voyaga yetmagan o‘g‘li R.R. voqea joyida vafot etgan, turmush o‘rtog‘i F.I. va voyaga yetmagan qizi S.I. turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi, a,b bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha barcha daxldor shaxslar doirasi qamrab olinib, javobgarlik masalasi hal qilinishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani aytiladi.

Voqea joyiga viloyat va tuman sektor hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari jalb qilinib, viloyat sektor rahbarlari boshchiligida ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplash, moddiy va ma'naviy ko‘mak berish bo‘yicha aniq reja asosida ishlar tashkillashtirilgan va kompensatsiya qoplab berilishi ta'minlanadi, deyiladi ma'lumotda.

Bundan oldin, Yangiyo‘lda gaz portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi

Mavzuga oid