O‘zbekiston | 14:09 / 03.12.2020
5422
4 daqiqa o‘qiladi

Asadjon Xodjayev: Noxolis axborot tarqalishida OAV aybdor emas

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Xalqaro press-klubdagi davra suhbatida so‘z erkinligi va davlat boshqaruvi organlari bilan OAV o‘rtasidagi muloqot to‘g‘risida gapirdi. U ijtimoiy tarmoqlarda turli noxolis axborotlar tarqalishi jurnalistlar va xalq bilan muloqot yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liqligini aytib o‘tdi.

«Hozirgi zamonda axborotni berkitib bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy texnologiyalar shuni ko‘rsatyaptiki, axborotni bir joyda berkitgan bilan u baribir chiqadi. Hozir axborot erkin aylanyapti va bu so‘z erkinligi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyasi rivojlanishi natijasida shaxs so‘z erkinligi, haq-huquqlarini talab qilish imkoniga ega bo‘ldi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrlarini bildirishyapti. Albatta, u yerda turli fikrlar yuradi, ular orasida tanqidiylari ham bor. Va bu tanqidiy fikrlarni davlat boshqaruvi organlari eshitishi kerak. O‘zlarining faoliyatini shu berilgan so‘zlar orqali tahlil qilib, qanaqa muammolar borligi, bu muammolarni qanday qilib yechish, ular tizimlimi yoki ayni bir shaxs yoki voqeaga tegishlimi, bularning barchasini davlat boshqaruvi organlari tahlil qilishi kerak. Muloqotga o‘rganishi kerak.

OAV juda ko‘plab tanqidiy materiallarni olib chiqadi. Shu orqali bizning davlat boshqaruvi organlari yangi reallikda, yangi O‘zbekistonda faoliyatini boshlayapti.

Davlatimiz rahbari «Matbuot bu kimgadir achchiq gapirsa, yoqadi yoki yoqmaydi. Bu yo‘nalishdan biz qaytmaymiz», deb aytdi.

O‘tgan yili bajarilgan katta ishlardan biri - matbuot xizmatlari tashkil etilgani bo‘ldi. Hozirda 1000dan ziyod matbuot kotiblari faoliyatini amalga oshiryapti. Lekin ular qay darajada ishlayapti, malakasi va tezkorligi, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni davlat boshqaruvi organlariga qay darajada yetkaza olyapti - shularga e'tibor qaratishimiz kerak.

Pandemiya sharoitida biz ko‘rdik: aholimizga tezkorlik bilan davlat boshqaruvi organlari qabul qilayotgan turli qarorlarni yetkazib berishda ehtiyoj sezyapmiz. Axborot vaqtida yetib bormasa, bu turli noxolis axborotlar tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Biz ba'zida OAV vakillari va blogerlar bunda aybdor degan gaplarni eshitamiz, yo‘q, bu yerda davlat boshqaruvi organlari jurnalistlar bilan muloqotga tayyor emas.

Agar davlat organlari tezkorlik bilan javob qaytarsa, asossiz ma'lumotlar, fikrlar bildirilishiga o‘rin qolmaydi.

Shuning uchun biz doimiy ravishda davlat organlari ochiqligini ta'minlash borasida muloqotni kuchaytirishimiz kerak deb bilamiz», dedi AOKA direktori  so‘z erkinligi va OAVni rivojlantirish jarayonlari mavzusidagi davra suhbatida.

  • Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida Asad Xodjayev nomidan bir qator nashrlarga ogohlantirish xatlari yuborilgandi. Xususan, Kun.uz saytiga gaz-svet muammosini yozgani uchun yuborilgan xatda tahririyat noxolislikda ayblangan va «jiddiy huquqiy oqibatlar»dan ogohlantirilgandi. O‘z navbatida, tahririyat buni «bosim o‘tkazish» deb baholadi. Bundan tashqari, yana bir ogohlantirish xati Daryo.uz internet nashriga yuborilgandi. Shuningdek, AOKA COVID-19 statistikasi bo‘yicha yangilik sababli Gazeta.uz’ni ogohlantirganida, nashr bunga javoban, «Biz ogohlantirish xatiga tahririyatni «noqulay» savollar berishdan to‘xtashga majbur qilishga urinishni eslatadigan keskin javob deb qaraymiz», deya yozgan edi.
  • Shundan so‘ng BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer va qator xorijiy davlatlarning Toshkentdagi elchilarida mamlakatdagi mustaqil onlayn-OAVga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga kelgan ogohlantirish xatlariga munosabat bildirib, agentlikning bu kabi xatti-harakatini tanqid qilgandi.
  • Bugungi davra suhbatida yuqorida keltirilgan mavzu eslab o‘tilmadi.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid