O‘zbekiston | 12:02 / 06.01.2021
12973
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni ma'qulladi

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqish yakunida ushbu Qonunni ma'qullashdi.

Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar asosan sudlar faoliyatiga oid bo‘lib, 14ta hududda umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi, tuman (shahar) ma'muriy sudlari tugatiladi.

Ma'lumot uchun, jamoatchilikda paydo bo‘lgan haqli e'tirozlardan so‘ng, 2020 yil 30 dekabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun matni Senat saytida e'lon qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Senat kengashi 11 dekabrdagi qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalasini palataning 18 dekabrdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritgan edi.

Bu qanday o‘zgarish ekani jamoatchilikka ma'lum qilinmadi. Qonunni deputatlar qachon qabul qilib ulgurgani haqida ham savollar paydo bo‘ldi.

18 dekabr kuni esa Senat yalpi majlisida rais Tanzila Norboyeva Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun bu majlisda ko‘rilmasligini, bu masalada xalq bilan bamaslahat ish qilinishini aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, yalpi majlisdan bir kun oldin Senat kengashining qarori chiqarilgan bo‘lib, unga binoan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun yalpi majlis kun tartibidan olingan.

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 14 marta o‘zgartish kiritilgan.

Konstitutsiyaning eng so‘nggi 128-moddasi talabiga ko‘ra, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin 6 oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartish va tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid