O‘zbekiston | 21:44 / 08.01.2021
20415
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuraturada kasb bayrami munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida 8 yanvar – prokuratura organlari xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlarini xalq prokuraturasiga aylantirish, avvalo, tizimda ochiqlik va shaffoflikni to‘la ta'minlash hamda faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qilish asosiy vazifa etib belgilangani, qonun posboni degan yuksak maqomga muyassar bo‘lgan prokuratura xodimlari uchun bunday hayotiy haqiqatlar ustuvor bo‘lishi lozimligini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbirda prokuratura isloh qilinib, jazolovchi organ emas, balki tom ma'noda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta'minlovchi idoraga aylangani, butun faoliyat tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlab bartaraf etishga yo‘naltirilayotgani qayd etildi.

Tadbir yakunida bosh prokuror buyrug‘iga asosan halol va fidokorona mehnati bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan va xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan bir qator xodimlar taqdirlandi.

Bayram tadbirida bir guruh rasmiylar so‘zga chiqib, prokuratura xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Bosh prokuratura matbuot xizmati jarayondan suratlar taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonda 8 yanvar – prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilangan edi.

2017 yilning 7 yanvar kuni prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan davlat rahbari bir guruh soha xodimlari bilan uchrashib, gaplashib olgan edi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid