Sport | 07:19 / 23.01.2021
16415
9 daqiqa o‘qiladi

#FootWeek'ning yangi sonida: Abramov milliy jamoaga munosib murabbiymi?

#FootWeek ko‘rsatuvining yangi sonida ko‘plab mavzularga to‘xtaldik. Futbol muxlislari hech qachon befarq bo‘lmagan mavzu, shubhasiz, milliy jamoa. Bu gal ko‘rsatuvning katta qismini aynan milliy jamoaga bag‘ishladik.

Kuper nega ketdi?

Ko‘rsatuv davomida O‘zbekiston terma jamoalar markazi rahbari Aziz Haydarov bilan suhbatlashdik. U milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi Ektor Kuper nega ishdan ketganini tushuntirdi. Kuper Falastinga uchralgan mag‘lubiyatdan ancha avval – Avstraliyaga qarshi Osiyo Kubogi-2019 chorak final o‘yinidan keyin ketishi mumkin bo‘lgan. Haydarovga ko‘ra, o‘shanda milliy jamoa oldiga Osiyo Kubogi finaliga chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Falastinga qarshi mehmondagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin esa Kuper Haydarovdan «Meni ketkizasizlarmi?» deb so‘ragan. O‘FA vakilining aytishicha, Kuperning o‘yindan keyingi harakatlari ketishiga sabab bo‘lgan. Haydarov Kuper o‘yindan keyin futbolchilarga gapirmasligi, mag‘lubiyatdan keyin dalda bera olmasligi, xatolarni tahlil qilmasligi, bir so‘z bilan aytganda, notiq bo‘lmagani uchun ichki muhitni kerakli darajada saqlay olmagan deb hisoblaydi.

Haydarov Falastin bilan o‘yindagi mag‘lubiyatning texnik sabablarini ham sanadi: «Falastinga qarshi sun'iy maydonda o‘ynashimiz aniq bo‘lgach, murabbiy 3-4 kun faqat sun'iy maydonda mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu esa menimcha xato bo‘ldi. Chunki futbolchilar tabiiy maydonda shug‘ullanib yurishadi va sun'iy maydon oyoqlarni juda qiynaydi. Mashg‘ulotlarda bir necha kun qiynalgandan ko‘ra bir marta o‘yin kuni qiynalgan yaxshi. Kuperning mashg‘ulotlari juda uzoq davom etadi. Falastinga qarshi o‘yin oldidan issiq kunda issiq chiqib turgan sun'iy maydondagi qiyin mashg‘ulot tugagach, murabbiy futbolchilarni qaynoq maydonda yana bir necha muddat olib qolib, tushuntirish olib bordi. Tabiiyki bu futbolchilarga unchalik yoqmadi. Kuper esa buni mashg‘ulotlarda befarqlik deb hisoblab, futbolchilardan ranjidi. Tan olish kerak, Kuper katta professional edi, lekin bizga to‘g‘ri kelmadi», deydi milliy jamoa sobiq futbolchisi Aziz Haydarov.

Suhbatdoshimiz futbolchilar Kuperni ketkazish uchun Falastinga atay mag‘lub bo‘lgani haqidagi gaplarga ham javob berdi: «Bunaqa bo‘lmagan. Men bu ishni qiladigan jamoada ishlamagan bo‘lardim».

Abramov milliy jamoaga munosibmi?

Terma jamoalar markazi rahbari sifatida Aziz Haydarov milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning faoliyatidan qoniqayotganini aytdi. Biroq oxirgi vaqtdagi milliy jamoaning natijalari biroz xavotir uyg‘otayotganini ham ta'kidladi: «Menimcha, Vadim Abramovni ketkazish kerak degan kayfiyat yo‘q. Biz asosiy raqib Saudiyaga yengildik, lekin keyin yana g‘alaba qozondik. Mag‘lubiyatdan keyin yana g‘alaba qozona olish doim yaxshi bo‘lgan. Lekin oxirgi o‘rtoqlik o‘yinlaridagi natijalar meni o‘ylantirmoqda. Hattoki o‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyat bo‘lsa ham. Javobgar va natija talab qiluvchi shaxs sifatida holat meni o‘ylashga majbur qilayotgani rost», dedi Haydarov.

O‘zbekiston Argentina bilan o‘ynaydi

Aziz Haydarov futzal bo‘yicha milliy jamoasining rejalari haqida ham ma'lumot berdi. Uning aytishicha, tez orada O‘zbekiston milliy jamoasi amaldagi jahon chempioni Argentina milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. O‘yin borasida Argentina tomoni taklif bilan chiqqan va O‘zbekiston xarajatlarning bir qismini ko‘tarishni gardaniga olgan holda amaldagi jahon chempionlari bilan o‘yinga rozi bo‘lgan. O‘yin Toshkentda bo‘ladi va O‘zbekiston Argentinaning xarajatlari uchun 20 ming dollar miqdorida pul to‘laydi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi esa fevral oyida 8 kun davomida Dubayda mashg‘ulot o‘tkazadi. Yig‘inda Iordaniya milliy jamoasi va Armaniston klubi bilan o‘rtoqlik o‘yini kelishilgan. Yana yangi raqiblar varianti paydo bo‘lishi mumkin. Ravshan Haydarov boshchiligidagi U-22 jamoasi esa Dubayda yig‘in o‘tkazib, an'anaviy tus olayotgan Dubai Cup turnirida qatnashishi mumkin.

«Lokomotiv». Portugaliyalik murabbiy, ko‘plab yangi futbolchilar va chempionlik da'vosi

Ko‘rsatuv davomida navbatdagi manzilimiz «Lokomotiv» klubi bo‘ldi. Klub direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov jamoaning yangi maqsadlari va ayni damdagi holati haqida gapirdi. Uning aytishicha, noyabrda Temur Kapadze ketgach, yangi murabbiy qidirishni boshlangan. O‘zbekistonda ishsiz yurgan murabbiylar esa «temiryo‘lchilar»ga mos kelmagan. Shunda Temur Kapadze davrida «Lokomotiv»da ishlagan ispaniyalik murabbiy Dani Shebeyra jamoaga yaxshi murabbiy sifatida portugaliyalik Mikael Sekeyrani taklif qilgan. Bir muddat o‘rganilgan «Braga» yordamchi murabbiyiga taklif bilan chiqilgan va u rozi bo‘lgan.

Sekeyra ko‘pincha yordamchi murabbiy sifatida ishlagan va Akramovning aytishicha, «Lokomotiv» portugaliyalik murabbiy uchun bosh murabbiy sifatida ishlaydigan ilk jamoa bo‘ladi. Murabbiy kelgach, «Loko» rahbariyati unga katta transferlar uchun ortiqcha pul yo‘qligini tushuntirgan va O‘zbekistonda shartnomasi tugagan futbolchilar ro‘yxatini berishgan. «Lokomotiv»ning oxirgi mavsumdagi aksar o‘yinlarini kuzatib chiqqan va o‘zbek futboli haqida tasavvurga ega bo‘lgan murabbiy qaysi futbolchilarni olishni belgilab bergan. Shundan so‘ng klub yangi futbolchilar bilan muzokara boshlagan.

«Paxtakor»ga asosiy raqobatchi?

«Lokomotiv» yangi murabbiy qatorida yana ko‘plab yaxshi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Milliy jamoa vakillari Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulov, Abdumavlon Abdujalilov, Javohir Siddiqov «Lokomotiv»ga o‘tdi. To‘labek Akramovning aytishicha, jamoada chempionlik ruhiyati bor va ayni damda «Paxtakor»ga raqobatchi o‘laroq chempionlik uchun kurasha oladi.

«Lokomotiv» bir oyda qancha pul ishlatadi?

Klub rasmiysining aytishicha, «Lokomotiv» OChLda muntazam o‘ynab yurgan vaqtlarda ishlab topgan pullari hanuzgacha jamoaning yig‘inlari uchun ishlatiladi. To‘labek Akramov jamoa bir yilda «Lokomotiv» asosiy jamoasi orqali tushadigan reklama shartnomalaridan 2 milliarddan ko‘p pul ishlab topishini aytdi. 800 kishidan ortiq jamoaga ega butun «Lokomotiv» sport klubini saqlab turish esa bir oyda o‘rtacha 1,5 milliard so‘mga tushishi aytildi.

Poraxo‘r hakamlar: ular kim bilan kelishgan?

Ko‘rsatuv oxiridan kichik mulohaza o‘rin olgan. Yaqinda o‘zbekistonlik FIFA referisi Sherzod Qosimov kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun 3 yilga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgandi. Oldinroq xuddi shu ishni qilgan Temur To‘xtasinov, Asker Najafaliyev va Jasur Muxtorovlar ham jazolangan. Xo‘sh, bu hakamlar aynan qaysi pora berishni kasb qilgan (va jinoyatga qo‘l urgan) jamoalarning o‘yinlarida natijani ularning foydasiga hal qilib bergan? Ular bu ish uchun qancha pul olgan? Nega hakam jazolandi-yu, lekin pora bergan (va jinoyat sodir etgan) klublar jazolanmadi? Yana bir savol: korrupsiyaga aralashish orqali jiddiy jinoyatga qo‘l urgan hakamlar faqatgina futbol o‘yinlaridan chetlashtiriladimi yoki ularga nisbatan jinoiy javobgarlik ham belgilanadimi? Umid qilamiz, tez orada bu savollarga javob beriladi...

Mavzuga oid