O‘zbekiston | 13:13 / 30.01.2021
12502
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayni vaqtda qancha mahkum borligi ma'lum qilindi

Bugungi kunda O‘zbekistonda 27 ming 500 nafar mahkum jazoni o‘tamoqda. Bu haqda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Jazoni ijro etish tizimi tasarrufida 27 ming 500 nafar mahkum jazoni o‘tamoqda. Bu ma'lumotlar ochiq bo‘lib, bemalol ularni e'lon qilish mumkin.

Jazoni o‘tayotganlarning ko‘p qismi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlardir. Ularning jinoyatlar tasnifiga e'tibor beradigan bo‘lsak, o‘ta og‘ir jinoyatlarga ko‘proq odam o‘ldirish, giyohvandlik, firibgarlik va bosqinchilik bog‘liq jinoyatlar birinchi marotaba sudlanganlar bilan ko‘proq uchraydi. Boshqa muqaddam sudlanganlar bilan esa ko‘proq o‘g‘rilik shunga o‘xshash og‘ir turdagi jinoyatlar ko‘pligini aytishimiz mumkin» – deya Jamshid Sultonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra probatsiya bo‘linmalarida 57 ming 36 nafar shaxs nazoratda turibdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda 43 ta jazoni ijro etish muassasasi va 11 ta tergov hibsxonasi mavjud. Jazoni ijro etish muassasalarining 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi.

Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sig‘imiga nisbatan saqlanayotgan shaxslar 56,4 foizni, bo‘sh o‘rinlar 43,6 foizni tashkil qiladi.

Avvalroq IIV mulozimi O‘zbekistonda 2016 yildan mahkumlarning ibodat qilishlari uchun ruxsat berilgani hamda ayni damda mahkumlarning onlayn oliy ta'lim olishlariga imkon beruvchi qaror loyihasi tayyorlanayotganini aytib o‘tgan edi.

Mavzuga oid