Jahon | 21:17 / 04.03.2021
6401
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada mehnat migrantlari uchun eng jozibador mamlakat deb e'tirof etildi

Mehnat migrantlari uchun jozibador mamlakatlar ro‘yxatidan shuningdek, AQSh, Avstraliya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yaponiya joy olgan.

Foto: Getty Images

Dunyodagi mehnat migrantlarining qariyb chorak qismi Kanadaga borib ishlashni ma'qul ko‘radi. Bu haqda BCG va The Network kompaniyalarining tadqiqot natijalariga tayanib TASS xabar berdi.

"Kanada AQShni ortda qoldirib, mehnat migrantlari uchun eng jozibador mamlakat bo‘ldi", - deyiladi tadqiqot xulosasida.

Ma'lumot berilishicha, respondentlarning 24 foizi Kanadani tanlagan.

2014 va 2018 yillardagi tadqiqotlarda Kanada uchinchi, AQSh esa odatdagiday birinchi o‘rinni egallagan. 2020 yilda AQSh ishlash uchun jozibador mamlakatlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rindan joy oldi – so‘rovda qatnashganlarning 20 foizi AQShni tanlagan. Yana shuncha respondent Avstraliyani ma'qul ko‘rishini bildirgan bo‘lsa, 19 foiz respondent Germaniyani, 14 foizi esa Buyuk Britaniya yoki Yaponiyada ishlashni xohlashini bildirgan.

Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 47 foizigina ishlash uchun boshqa mamlakatga borishga tayyorligini aytgan. 

Dunyoning 190 mamlakatida 2020 yilning oktabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan ushbu so‘rovda 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 209 ming kishi qatnashgan.  

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid