O‘zbekiston | 15:17 / 06.03.2021
11493
2 daqiqa o‘qiladi

«Tarbiya» fani o‘qituvchilari uchun maxsus sayt ishga tushdi

Respublika ta'lim markazi maktablarda o‘tiladigan “Tarbiya” fani uchun yangi saytni ishga tushirdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi markaz axborot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida “Tarbiya” fani joriy qilingan edi.

Mazkur fan o‘quvchilarni ijtimoiy muvaffaqiyatli hayotga tayyorlash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasi, mas'uliyat, majburiyat, huquqiy ong va madaniyat, teran dunyoqarash, sog‘lom e'tiqod, ma'rifatparvarlik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni shakllantirish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.

“Yangi yondashuvlar o‘qituvchidan darsni yangicha metod va texnologiyalar asosida o‘tishni taqozo etadi. Shuni hisobga olib, yangi fanni o‘tishda o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, fan maqsad-vazifalarini va g‘oyasini ommalashtirish maqsadida www.tarbiyam.uz sayti joriy etildi. Saytda bu fanni o‘qitish dasturlari, taqvim-mavzu reja va darslikning elektron variantlari, qolaversa, darsni tashkil etishga doir barcha metodik yordam, qo‘shimcha manba va materiallar mavjud”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, “Tarbiya” fani boshlang‘ich ta'lim, milliy g‘oya va huquq, tarix hamda dinshunoslik mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi aytilgandi.

2020 yilning avgust oyi davomida teleradiokompaniya bilan hamkorlikda “Onlayn-maktab” loyihasi doirasida telekanallar orqali mutaxassislar tomonidan “Tarbiya” fanini o‘qitadigan o‘qituvchilar uchun onlayn malaka oshirish darslari tashkil etildi.

Mavzuga oid