Jahon | 01:03 / 08.03.2021
5717
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada jamoat joylarida yuzni yopish taqiqlanadi

Foto: Reuters

Shveytsariyada jamoat joylarida yuzni yopishni taqiqlash masalasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Referendumda Shveytsariyaning ko‘pchilik aholisi yuzni yopishni, jumladan paranji, niqob va yopinchiqda (balaklava) bo‘lishni taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi. 

Referendumda ishtirok etganlarning 53 foizga yaqini, ya'ni 1 mln 77 mingdan ko‘proq odam jamoat joylarida yuzni yopishni taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi, 47 foizdan ko‘prog‘i bu tashabbusga qarshi chiqdi.

Umuman olganda 7 mart kuni o‘tkazilgan referendumga uchta masala olib chiqilgan: niqob, burqa, paranji, “falastin ro‘moli” va yuzni yopishda qo‘llanuvchi boshqa kiyimlarning taqiqlanishi; Indoneziya bilan iqtisodiy hamkorlik kelishuvi; shaxsning internetda raqamli identifikatsiyasi haqidagi qonun loyihasi.

Endilikda nafaqat shveysariyaliklarga, balki xorijliklarga ham jamoat transportida, ma'muriy binolarda, restoran, do‘kon, stadion va boshqa jamoat joylarida yuzni yopish taqiqlanadi. Faqatgina diniy marosim joylarida hamda tibbiy sabablarga ko‘ra, xavfsizlik va iqlim sharoitlari nuqtayi nazaridan yuzni berkitishga ruxsat beriladi.

Taqiqlov futbol fanatlari, namoyishlar vaqtida yuzini berkituvchi o‘ng va so‘l radikallarga ham tegishli bo‘ladi.

Biroq Shveytsariyada hamma ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamayapti. Shveytsariyaning markaziy islom kengashida referendum natijalari “Shveytsariyada tug‘ilib o‘sgan musulmonlarni ranjitgani” aytilgan. Kengashda ta'kidlanishicha, hukumat musulmonlarni tahqirlashdan himoyalash uchun choralar ko‘rishi lozim. Bundan tashqari, Amnesty International huquqni himoyalash tashkiloti ham yuzni berkitish taqiqlanishiga qarshi chiqmoqda. Tashkilot Shveytsariya hukumati va parlamentchilarni “mamlakatning diniy ozchiliklarining asosiy huquqlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashga” chaqirgan.

Aytish joiz, hukumat ham yuzni berkituvchi kiyim kiyish taqiqlanishiga qarshi chiqqan. U faqatgina hokimiyat vakillari shaxsni o‘rnatish uchun talab qilgandagina yuzni ochishni talab qiluvchi qonun loyihasini qabul qilishni taklif qilgan.

2019 yilda Niderlandiyada ham yuzni yopuvchi ust-bosh kiyish taqiqlangandi. Taqiqlov ostiga paranji, mototsiklchilar shlemi va yopinchiqlar tushgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid