O‘zbekiston | 13:24 / 10.03.2021
12798
1 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov: «O‘zbekistonda niqobdan voz kechish bo‘yicha rejalar yo‘q»

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda virusdan himoyalanish uchun tavsiya etiladigan niqoblardan yaqin orada voz kechish rejasi yo‘qligini ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Nurmat Otabekov O‘zbekistonda niqob taqish, ijtimoiy masofa, antiseptik vositalardan foydalanishni to‘xtatish umuman ilgari surilmayotganini aytib o‘tdi.

«Bekor qilish degan gap yo‘q. Balki biror erkinlikka berilgandirmiz, lekin virus atrofimizda yuribdi, u oramizda. Nega bekor bo‘lishi kerak? Ko‘ryapman, ayrimlar niqob taqmayapti. Bu xato. Odamlar jamoat xavfsizligi uchun ham niqob taqishi kerak.

Bilasizmi, ko‘plab davlatlarda biror kasallik bo‘lmagan taqdirda ham niqob taqishadi. Chunki bu sog‘liq uchun kerak. Bizda doka niqob, ijtimoiy masofa, antiseptik vositalardan foydalanishni to‘xtatish umuman ilgari surilmayapti. Qaytaraman, O‘zbekistonda virus bor», dedi Nurmat Otabekov.

Avvalroq, Nurmat Otabekov O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinalardan foydalanishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid