Jamiyat | 11:46 / 13.04.2021
7277
3 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar oliy kengashi raisiga o‘rinbosar va kotib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisiga o‘rinbosar va kengash kotibi tayinlandi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, prezident farmoniga ko‘ra Alisher Abduxalimovich Jalilov O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

A. Jalilov 1974 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Faoliyatini tuman sudining sud majlisi kotibligidan boshlagan. O‘tgan yillar davomida shahar sudi sudyasi, tuman sudi raisi, viloyat va Oliy sudda sudya lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Boysun tuman sudi raisi vazifasida ishlagan.

Shuningdek, Xurshid Primqulovich Sodiqov o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Sudyalar oliy kengashi a'zosi – kengash kotibi lavozimiga tasdiqlandi.

X. Sodiqov 1985 yilda tug‘ilgan. Faoliyati mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudida sud majlisi kotibi, bosh mutaxassis, Oliy sudda katta maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, Chinoz tumani ma'muriy sudi raisi vazifalarida ishlagan.

Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi sudyasi lavozida ishlagan.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 7 dekabrdagi PF-6127-sonli prezident farmoniga asosan Sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy qilingan bo‘lib, shu kungacha ushbu lavozimga tayinlov amalga oshirilmagan edi.

Shuningdek, yuqoridagi farmon bilan:

  • Turg‘unboy Madaminjonovich Buvayev (bungacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida bosh inspektor lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Janagul Ismaylovna Balkibayeva (bungacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Nodira Aloxonovna Boboxonova (bungacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Malikaxon Pirnazarovna Kalandarova (bungacha Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Otabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov (bungacha Andijon viloyati ma'muriy sudi raisi lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Bahrom Nizomatdinovich Sobirov (bungacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasida yetakchi inspektor lavozimida faoliyat yuritgan),
  • Vahhobjon Abdikarimovich Fayzullayev (bungacha Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimida faoliyat yurtgan),
  • Elza Rifovna Shamsutdinova (bungacha Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimida faoliyat yuritgan) Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yurituvchi a'zolari etib tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil avgustida Xolmo‘min Yodgorov Sudyalar oliy kengashining raisi etib tayinlangandi. Bungacha ushbu lavozimda Ubaydulla Mingboyev faoliyat yuritib kelgan.

Mavzuga oid