O‘zbekiston | 13:33 / 22.04.2021
6184
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya kompaniyasi Surxondaryo viloyatida yangi IES quradi

2021 yilning 19 aprel kuni “Stone City Energy” (Niderlandiya) kompaniyasi bilan Surxondaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasidan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, quvvati 1 560 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurish loyihasining umumiy qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha 2024 yil yakuniga borib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kub metr tabiiy gaz sarfiga ega bo‘lib, 1,1 milliard kub metr gazni tejaydi. Uning foydali ish koeffitsiyenti 63 foizni tashkil etadi.

Loyiha doirasida yangi texnologiyalar, shu jumladan HL sinfidagi zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari (Siemens Energy tomonidan ishlab chiqarilgan) tatbiq etiladi.

Stansiya qurilishi davomida 2 000dan ortiq ish o‘rni yaratiladi va IES ishga tushirilgach, 150 nafarga yaqin mutaxassis doimiy ish bilan ta'minlanadi.

2020 yilning dekabr oyidan boshlab o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun 150 gektar yer maydoni ajratildi.

Hujjatlarga ko‘ra, investor ushbu issiqlik elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi, ishga tushiradi, 25 yil davomida foydalanadi va boshqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid