O‘zbekiston | 15:51 / 27.04.2021
10113
5 daqiqa o‘qiladi

«Xalqimizning siyosiy dunyoqarashini mustahkamlashimiz kerak» - Xayrulla Bozorov hokimlar saylovi, Namangan va Farg‘onada ishlashning farqi hamda mas'uliyati og‘ir lavozim haqida

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Kun.uz bilan suhbatda hokimlar saylovi, Namangan va Farg‘onada ishlashning farqi hamda mas'uliyati og‘ir bo‘lgan hokimlik lavozimi haqida gapirdi.

Hokimlar saylovi

Prezidentimiz aytyaptilar: qachondir saylovga o‘tamiz. Hokimlar sayloviga baribir o‘tamiz. Lekin ungacha tayyorgarlik qilish kerak. Prezident eng katta masala kadrlar, deb ko‘p gapiradi. Rahbarlarni ham o‘rgatishimiz kerak, yangi nomzodlarni... Bugun mana shu yurtga sadoqatli, aqlli, bilimli, tajribali kadrlarni ko‘paytirishimiz, ularning bazasini yaratishimiz kerak. Bundan tashqari, xalqimiz ham shunga tayyor bo‘lishi lozim. Xalqimiz tayyor emas deyilgani noto‘g‘ri, ammo xalqimizning siyosiy dunyoqarashini mustahkamlashimiz kerak.

Hokimlik masalasida ham xalq vakillari bilan suhbatlashib, xalq saylagan deputatlar, partiya fraksiyalari roziligini olib keyin qaror qabul qilinadi. Deputatlar ham xalq vakillari, hech qachon hokimlar deputatlar maslahatlashuvisiz, partiya fraksiyalari kelishuvisiz tayinlanmaydi, hammasi bilan kelishib, ularning fikrini olib, so‘ng tayinlanadi. Shuning uchun ham ko‘p hokimlar tayinlanayotganida “vazifasini vaqtincha bajaruvchi” deb vazifasini bajarishi ham bejiz emas, chunki u o‘sha hududga borib, u yerda 3-4 oy ishlab, xalq ishonchini qozonishi lozim, bu o‘ziga xos sinov muddati. Menga saylovchi uchun kurashish, degan gap yoqmaydi. Menga bir narsa yoqadi: faqat mehnat qilish. Mehnat insonni ulug‘laydi.

Namangan va Farg‘onada ishlashning farqi

Hamma joyda o‘ziga yarasha tosh-tarozisi bor. Namanganda o‘ziga yarasha ham og‘ir, ham yaxshi tomonlari bor edi. Bu yerda ham o‘ziga yarasha jihatlar bor. Lekin bir narsa borki, qayerda bo‘lsa ham faqat mehnat qilish kerak. Biror yerni oson, yengil yoki og‘ir deb bo‘lmaydi, hamma narsaning o‘ziga yarasha tomonlari bor.

Boshqa farqi - bu yerda hudud kattaroq. Masalan, Namanganda 12ta hudud, bitta shahar va 11ta tuman bo‘lgan bo‘lsa, bu yerda esa 15ta tuman va 4ta shahar bor, aholi ham Namanganga nisbatan qariyb 1 mln kishiga ko‘proq. Albatta, hudud katta bo‘lgani uchun ish hajmi ham ko‘payadi. Aholi soni ko‘p bo‘lgani tufayli aholi bilan ishlash bo‘yicha ish hajmi ham ortadi.

Hokimlikning mas'uliyati og‘ir

Avvalambor, nasiba ekan, bir necha yildan beri rahbarlik lavozimlarida ishlab kelyapmiz. Agar hokimlik nuqtayi nazaridan oladigan bo‘lsak, aslini olganda rahbarlikning yuki, mas'uliyati og‘ir. Nega mas'uliyati og‘ir? Birinchidan, u prezidentning bu yerdagi konstitutsion vakili. Buni hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Prezidentning butun siyosati, qabul qilayotgan qaror, farmon, qonunlarning joyida ijrosini ta'minlab beradigan va shunga ertaga natija qilib, javob beradigan eng birinchi shaxs ham hokimdir. Mana shuni birinchi anglash kerak-da, yurakdan anglash kerak. Yurakdan anglab, bizga qo‘yilgan mana shu vazifani sidqidildan, yurakdan chiqarib, eng avvalo davlat bilan xalq manfaatini ustun qo‘yib ishlasa u hech qachon qoqilmaydi, hech qachon unga nisbatan e'tiroz bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, aytilgan topshiriqlarni bajarish. Juda ko‘p vazifalar, topshiriqlar bor. Bularni bajarish, ijro qilish uchun yaxshi jamoa va tizim bo‘lishi kerak. Prezidentimiz har bir chiqayotgan qarorning tagida moliyaviy manbasini ham qilib beryaptilar, shuni ishga solishning mexanizmini ham belgilab beryaptilar. Hamma sohadagi loyihalar bo‘yicha aniq mexanizmlar mavjud. Ijro bo‘yicha esa pastda yaxshi jamoa bo‘lishi lozim, mana shu tizim, mexanizmni ishlata olish kerak.

Bundan oldin, Xayrulla Bozorov suv masalasi, 70 foiz muammosi hal bo‘layotgan tadbirkorlar va 30 mln dollarlik loyiha haqida gapirgandi.

Shuningdek, u Farg‘onani kutayotgan o‘zgarishlar va aholi muammolari haqida aytib o‘tgandi.

To‘liq video:

Mavzuga oid