Ichimlik suvi muammosi

Hozir qo‘rqmasdan gapirsa bo‘ladi, bu yil umuman boshqacha tizim bo‘ladi. Prezidentimiz har bir hududga alohida e'tibor beryaptilar, tashriflari bo‘yicha Farg‘ona viloyatiga ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun 214 mlrd so‘m mablag‘ ajratyaptilar. Bu suvning o‘zi uchun. Hozirgi vaqtda eng og‘ir hududlar bo‘yicha barcha loyihalar ishlab chiqilyapti. Shu pul ajratilishi bilan Xalq qabulxonasiga barcha tumanlar aholisi chaqiriladi. Viloyat hokimligiga, yuqori turuvchi idoralarga eng ko‘p shikoyat tushgan masalalar - elektr energiyasi, gaz, suv, yo‘l bo‘yicha hammasini terib chiqdik, maktablar, sog‘liqni saqlash obektlari, bog‘chalarni ham qo‘shdik. Albatta, hammasini bu yil tugatib bo‘lmaydi. Lekin bitta suvning o‘ziga shuncha pul ajratilyapti.

Bu yil Farg‘onadagi eng og‘ir hududlarda yo‘l bo‘yicha 267 mlrd so‘m ajratilyapti. To‘g‘ri, yo‘l bo‘yicha bu katta summa emasdir, ammo bir yil bitta yo‘nalish bo‘yicha buncha mablag‘ hali ajratilmagan. O‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu to‘rt baravar ko‘p degani. Barcha loyihalar ishlab chiqilyapti, ishlar jarayonini tegishli idoralar nazorat qilib boradi. Bundan tashqari, bu yil yo‘l masalasida Toshkent tajribasini ham sinab ko‘rmoqchimiz. Sababi, ushbu yo‘nalishda bizda hali raqobat muhiti yo‘q, hammasini, deyarli 90 foizini “Avtoyo‘l” qilyapti. Bu sohada xususiy ishlarni ko‘paytiryapmiz, tadbirkorlarga ham shuni aytyapmiz.

Tadbirkorlar uyg‘onsa, ular haqiqiy lokomotiv bo‘la oladi

Hokimlikning yonida tadbirkorlarni qabul qiladigan bino bor. Qabul har hafta amalga oshiriladi. Tadbirkorning o‘zi murojaat qiladi, elektron navbatga turadi, bu yo‘nalish bo‘yicha 23 kishi ishlaydi. Bosh vazir qabulxonasi, biznes-ombudsman va viloyat hokimligining tadbirkorlik guruhi bitta joyda. Murojaat qilish uchun “Telegram” botlar ochilgan, uni o‘zim o‘qib turaman, o‘zimga to‘g‘ridan to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, murojaatlar uchun maxsus “Telegram” raqam tarqaganmiz. Boshida bir haftada 20ta kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 150taga chiqdi. Tadbirkorlarni qabul qilishga ham bir kun vaqt ketadi. Muammolarning 65-70 foizi hal bo‘lyapti.

Umuman olganda, iqtisodiyotga sarmoya kerak, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun lokomotiv kerak. To‘g‘ri, lokomotiv neft-gaz, kimyo, metallurgiya, energetika sohalaridagi yirik korxonalar bo‘lishi mumkin, lekin u katta mablag‘ talab qiladigan va katta xomashyo resursi bilan bog‘liq bo‘lgan sohalardir. Tadbirkorlik sohasida ham mablag‘ oz ketadi, ham bozorga tez moslashuvchan bo‘ladi. Agar tadbirkorlar uyg‘onadigan bo‘lsa, ular haqiqiy lokomotiv bo‘la oladi. Hozir ham ko‘plab tadbirkorlar uyg‘ondi, ishonch paydo bo‘ldi. O‘rta biznes yo‘qolmadi, bu terminning o‘zi yo‘qoldi. Hozir qonunlar o‘zgaryapti, kichik, o‘rta, hammasi yana qayta tiklanyapti. Faqat termin yo‘qolgan, lekin shunga yarasha qonunlar ham moslashtirildi: kichik biznes qanchagacha bo‘ladi, o‘rta biznes qanday bo‘ladi.