O‘zbekiston | 08:36 / 29.04.2021
3061
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xalqaro teatr san'ati festivali o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasi “Yevrosiyo" xalqaro teatr san'ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat prezidentning "Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 26 maydagi farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Qaror bilan Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasining "Yevrosiyo" xalqaro teatr san'ati festivalini 2022 yildan boshlab ikki yilda bir marta Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • a) festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi;
  • b) quyidagilarni nazarda tutuvchi festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom:
  • festivalni o‘tkazish tartibi va shartlari;
  • festival doirasidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish tartibi;
  • xalqaro hay'at faoliyatini tashkil etish va festival ishtirokchilarini baholash tartibi;
  • festivalni moliyalashtirish va g‘oliblarni mukofotlash.

Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga:

  • festivalda xorijiy davlatlardan ishtirok etadigan teatrlar jamoalari ro‘yxatini shakllantirish;
  • festivalda namoyish etiladigan spektakllarni saralash ishlarini amalga oshirish;
  • ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi va badiiy dasturlarini tayyorlash;
  • ilmiy-amaliy konferensiyada xorijiy davlatlardan ishtirok etadigan teatrshunos va san'atshunos olimlar, taniqli san'atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ro‘yxatini shakllantirish;
  • ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish topshirildi.

Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida amalga oshiriladi.

Sarf-xarajatlarning:

  • 50 foizi - Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
  • 50 foizi - Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, "Dunyo" axborot agentligi va boshqa OAVga Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yoritib borish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid