Jahon | 00:06 / 02.05.2021
56879
7 daqiqa o‘qiladi

«Koronavirus bo‘roni» Hindistonni larzaga solmoqda

Hindiston qariyb o‘n kundan buyon sutkalik koronavirus holatlari aniqlanishi bo‘yicha dunyo rekordini yangilamoqda. O‘tgan sutkada mamlakatda 400 mingdan ortiq holat aniqlandi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ta'biri bilan aytganda, «hindistonliklarni koronavirus bo‘roni larzaga solmoqda».

Foto: Reuters

Bir sutkada qariyb 402 ming holat

30 aprel kuni Hindistonda koronavirus yuqtirish holatlari bo‘yicha jahon rekordi yangilandi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumot berishicha, o‘tgan sutkada 401 993 kishida kasallik aniqlangan. Bir sutka davomida 3523 nafar bemor vafot etgan.

Mamlakat 22 aprel kuni sutkalik kasallanish holatlari bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgandi – 314,8 ming holat. So‘ngra bu raqam bir necha marta yangilandi: 23 aprelda 332,7 ming, 24 aprelda 346,7 ming, 25 aprelda 349,6 ming, 26 aprelda 352,9 ming, 29 aprelda 379,2 ming va 30 aprelda 386,4 ming.

Hindiston koronavirus yuqtirish holatlari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatda 19,1 million holat qayd etilgan, 15,6 milliondan ortiq kishi sog‘aygan, 211 ming bemor vafot etgan.

«Sizlar bilan koronavirus sabrimizni va og‘riqqa chidashimizni sinab turgan vaqtda gaplashmoqdaman. Biz infeksiyaning birinchi to‘lqiniga qarshi muvaffaqiyatli kurashdan ruhlangandik, ammo bu bo‘ron millatimizni larzaga soldi», – dedi bosh vazir Narendra Modi.

Inqirozga sabab hukumatning loqaydligi(mi?)

Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Hindiston hukumati mamlakatda aniqlangan koronavirusning yangi shtammi o‘ta yuqumli ekani to‘g‘risida avvaldan ogohlantirilgan, ammo epidemiyani to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Ogohlantirishga qaramasdan, millionlab odamlar diniy bayramlar va bosh vazir Narendra Modi hamda siyosiy partiyalar yetakchilari o‘tkazgan mitinglarda niqob taqmasdan qatnashgan.

Qayd etilishicha, ikki oy avval Hindiston genetika konsorsiumi (INSACOG) koronavirusning yangi turi to‘g‘risidagi ogohlantirishnomani bevosita bosh vazirga bo‘ysunadigan mansabdorga taqdim etgan.

Foto: Reuters

Hayot to‘g‘risidagi fanlar instituti direktori va INSACOG a'zosi Ajay Paridaning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotchilar koronavirusning hindcha shtamm deb nomlanayotgan B. 1.617 variantini fevralda aniqlagan.

INSACOG 10 martgacha o‘z xulosalarini sog‘liqni saqlash vazirligining kasalliklarni nazorat qilish markaziga bergan va epidemiya tez tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Vazirlik oradan ikki hafta o‘tib bu borada bayonot bergan. Bayonotda faqat koronavirusning yangi shakllari test olish va karantin kabi choralarni qo‘llashni talab qilishi aytilgan. Ammo ommaviy yig‘inlarni cheklash kabi keskin choralar ko‘rilmagan.

Mamlakatda mart-aprel oylarida mahalliy saylovlar munosabati bilan ommaviy yig‘inlar va siyosiy aksiyalar bo‘lib o‘tgandi. Bundan tashqari, hukumat bir necha hafta davom etadigan Kumbxa Mela festivalini o‘tkazishga ruxsat bergan va unda millionlab kishilar qatnashgan.

JSST tashvishda, olimlar eng yuqori nuqta hali oldinda degan fikrda

«Hindcha shtamm» Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSTT)ni tashvishga solmoqda. 

«Menimcha, Hindiston duch kelgan vaziyat har qanday joyda kuzatilishi mumkinligini tushunish o‘ta muhimdir. Bu barcha mamlakatlar uchun jiddiy muammo. Cheklov choralari yumshatilgani, odamlar yana guruh bo‘lib to‘planayotgani, koronavirusning yuqumli shtammlari mavjud ekani, emlanganlar soni esa hali juda ozligi hisobga olinsa, bu har qanday mamlakat uchun dahshatli oqibatlar keltirishi mumkin», dedi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida dunyoda qayd etilgan 5,7 million yangi holatda Hindistonning ulushi 38 foizni tashkil etadi.

«Bi-bi-si» xabariga ko‘ra, Vashington universiteti olimlari pandemiyaning hindcha ssenariysini modellashtirdi va uning eng yuqori nuqtasi may oyining o‘rtalarida yuz berishini taxmin qildi.

Agar Hindistonda har bir kishi niqob taqib yurishni boshlasa, o‘limlar soni hozirdanoq pasayishi mumkin, deydi tadqiqotchilar.

Biroq pandemiya boshlanganidan buyon bu qoida mamlakatda tavsiyaviy tusga ega bo‘lib keldi. Millionlab odamlar ishtirok etgan Kumbxa Mela festivalidan olingan fotosuratlardan ko‘rish mumkinki, tadbirda niqobda bo‘lganlar juda ozchilikni tashkil qilgan.

Shifoxonalarda bemorlarga joy va kislorod yetishmayapti

Uzbek.Life’ning Hindistondagi kolumnisti O‘tkir Alimovning yozishicha, hukumat shifoxonalarga tibbiy kislorod yetkazib berishni jadallatish uchun maxsus ekspress poyezdlarni, havo kuchlari samolyotlari va tankerlarni ishga soldi, kislorodga solinadigan bojxona soliqlarini bekor qildi. Ammo qariyb 1,4 milliard odam yashaydigan mamlakatda vaziyat og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Shanba kuni Dehli oliy sudi infeksiyalar soni keskin ko‘payayotganini «sunami» deb atadi va favqulodda kislorod yetkazib berish chora-tadbirlariga to‘sqinlik qiladigan har qanday kishi «osilishi» haqida ogohlantirdi.

Foto: Reuters

Shifoxonalar bemorlarni qabul qilmayapti. Ayrim shifoxonalar oilalardan kislorodni o‘zlari topishlarini so‘ramoqda. Tibbiy uskunalar sotiladigan do‘konda odamlar o‘z yaqinlariga zudlik bilan yetkazish uchun bo‘sh kislorod ballonlari bilan navbatda turganlarini ko‘rish mumkin. 

Dunyo mamlakatlari Hindistonga yordam qo‘lini cho‘zmoqda

Hindistonga bu ofatga qarshi kurashda qator mamlakatlar yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya, Singapur va Avstraliya Hindistonga insonparvarlik yordami, shu jumladan, respiratorlar, «IVL» apparatlari, konsentrlangan kislorod zaxirasi va shaxsiy himoya vositalarini yubordi. Ularga yana uchta davlat — Rossiya, Janubiy Koreya va Kanada qo‘shildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hindiston bosh vaziri Narenda Modiga qo‘ng‘iroq qilib, RF pandemiyaga qarshi kurashda yordam berishiga ishontirdi. Keyinchalik tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘z bayonotida Rossiya yaqin kunlarda Hindistonga katta tibbiy yuk yuborishini aytdi.

Kanada Hindistonga yordam uchun 10 million dollar ajratdi, Seul esa tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish bo‘yicha Dehli bilan muzokaralar olib bormoqda.

Britaniyadan birinchi gumanitar yordam o‘tgan seshanba kuni Dehliga yetib keldi va London bunday yordamni yetkazib berishni davom ettirish niyatida.

«Ilgari Hindiston boshqalarga yordam berar edi, endi unga yordam berish navbati keldi. Biz bu jangda g‘alaba qozonamiz», — dedi shahzoda Charlz.  

Mavzuga oid