Jamiyat | 18:22 / 04.05.2021
23463
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi Andijon shaharchasi qurilishi boshlandi

411 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Andijon turar joy massivi qurilishi boshlandi. Kun.uz muxbiri qurilish boshlangan joydan xabar berishicha, birinchi bosqichda 60 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha va poliklinika Mustaqillik bayramiga qadar qurib bitkazilishi reja qilinmoqda.

Yangi Andijon massivining bosh rejasi aprel oyda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilingan edi.

Andijon tumani adirliklari ustiga tushayotgan, umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya'ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

Shaharchaning qurilish shtabida Andijon viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohimjon Xolmatov bilan suhbatlashdik.

«Andijon tumanidagi Istiqlol massividan 4 ming gektar yer maydoni ajratilib, loyihalash ishlari boshlab yuborilgan. Bunday loyihalar biz uchun yangilik bo‘lgani sabab Vazirlar Mahkamasi va Qurilish vazirligi bilan birga ishlayapmiz. Bosh reja Turkiya loyihachilari tomonidan ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 5-7 qavatli bo‘lgan uy-joylar, infrastruktura tizimlari, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obektlarini barpo etish vazifasi oldimizda turibdi.

Turk loyihachilari rejasiga asosan, 4 ming gektar maydonda qurilish ishlari 8 ta bosqich bo‘yicha olib boriladi.

Birinchi bosqichda ishlar 718 gektarda tashkil qilinadi. 718 gektardan 42 gektarini tanlab olib, shu joyda alohida uy-joylar loyihalarini ishlab chiqib, yer ishlarini boshlab yubordik.

Bundan tashqari, bu joyga biz birinchi navbatda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini olib kelishimiz kerak. Ichimlik suvi masalasi, oqova suvni olib chiqib ketish, elektr va tabiiy gaz bilan ta'minlash, yo‘l infratuzilmasini barpo etish, ya'ni mavjud yo‘llarni kapital ta'mirlash va yangilarini qurish vazifalari oldimizda turibdi.

Qurilish maydoni 718 gektar yerni o‘z ichiga kamrab olgan. Mana shu 718 gektar yer 8 ta fazaga bo‘lingan.

Biz bitta fazasini o‘zimizga maqsad qilib birinchi navbatga qo‘yib oldik. Bu 42 gektar yerni tashkil qilyapti. Bu joyda 5 va 6 qavatli 60 ta uy-joy, maktab, bog‘cha va poliklinika barpo etilishi mo‘ljallangan.

Maktab 650 nafar o‘quvchiga, bog‘cha 300 nafar tarbiyalanuvchiga, poliklinika esa 200 bemorga mo‘ljallangan. Ularni mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanadigan sanagacha bitirishga harakat qilyapmiz.

Umumiy yer maydonini va qurilish jarayonlarini e'tiborga olsak, bu yerda 20-30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

4 ming gektardagi 8 bosqichli loyiha 10 yilga mo‘ljallangan dastur desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘z oldimizga keltirsak, hozirgi Andijon shahri yonida yana bitta yangi Andijon shahri paydo bo‘lyapti», – deydi Ibrohimjon Xolmatov.

Mavzuga oid